Pokistonda BMT agentligi portlatilgan


Bugun Pokiston poytaxtida bomba portlab, Jahon oziq-ovqat dasturi tashkiloti idorasiga zarar yetkazgan. Beshga yaqin kishi o'lgan, 4 nafari yaralangan. O'lganlarning biri iroqlik ekani aytilmoqda.

Tashkilotning Pokistondagi vakili Amjed Jamolning Amerika Ovoziga aytishicha, bomba idora ichida portlagan.

Xavfsizlik kuchlari boshqa portlovchi moddalar bor-yo'qligini tekshirmoqda.

Pokiston Ichki ishlar vaziri Rahmon Malikka ko'ra, qo'riqchi formasini kiyib olgan xudkush bombachi bino ichkarisiga kirib, 8 kilogrammli portlovchi moddani harakatga keltirgan.

Shahar bo'ylab xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Xuruj kimning ishi ekani hozircha noaniq, ammo Rahmon Malik Tolibonni gumon qilmoqda. Jangarilar o'tmishda BMTga aloqador idoralarga hujum qilgan.

Iyun oyida qochqinlar bo'yicha agentlikning pokistonlik katta xodimi Peshovar yaqinida o'ldirilgan edi. O'shandan beri Pokistondagi lagerlarda yashayotgan afg'on qochqinlarining vatanga qaytarilishi to'xtatilgan.

Amjed Jamolning aytishicha, bugungi xurujga qaramay Jahon oziq-ovqat dasturi faoliyatini davom ettiradi.

"Bu kabi harakatlar Pokistondagi insonparvarlik ishlarimizga to'siq bo'la olmaydi," deydi u.

Portlash sodir bo'lgan joy yaqinida BMTning boshqa agentliklari joylashgan, sal nariroqda esa mamlakat prezidenti Osif Ali Zardariyning uyi borligi xabar qilinadi.

XS
SM
MD
LG