BMT hisoboti: Migratsiya taraqqiyotga yordam beradi


BMTning Taraqqiyot Dasturi tayyorlagan hisobotga ko'ra, ishchi migrantlarning nafaqat o'z vatani, balki ular ishlayotgan mamlakatlarga ham foydasi katta. Hisobotda tashkilot hukumatlarni muhojir ishchilar hayotini yaxshilashga chaqiradi.

Tashkilotning yillik hisobotiga ko'ra, migratsiya odamlarni nafaqat yuqori daromad, yaxshiroq ta'lim va tibbiy xizmatlar bilan ta'minlaydi, balki ular ishlayotgan mamlakatlarda ish joylarining yaratilishi va novatorlikka yo'l ochadi.

BMT Taraqqiyot Dasturining xulosa qilishicha, ishchi migrantlarning vataniga yuborayotgan puli ko'p hollarda mahalliy hukumatlarning taraqqiyot dasturlariga ajratayotgan mablag'idan to'rt baravar ko'p bo'ladi.

Ammo, deydi tashkilot ma'muri Xelen Klark, global iqtisodiy tanazzul va ishsizlikning kuchayayotgani ba'zi mamlakatlarda muhojir ishchilar hayotini og'irlashtirgan.

"Ayrim davlatlarda migrantlar mahalliy aholidan ishlarni olib qo'yapti, ularning daromadini tushirib yuboryapti, muhojirlar soliq to'lovchilarga og'ir tushmoqda degan gaplar bo'rttirilgan," deydi Klark.

Hisobot muallifi Jeni Klugmanning aytishicha, hukumatlar migrantlarning mamlakatga ishlash uchun borish qoidalarini yengillashtirishi, xarajatlarini esa osonlashtirishi kerak.

"Hisobotda migratsiya taraqqiyotga tenglashtirilayotgani yo'q. Usiz ham mamlakatlar rivojlanishi mumkin. Migratsiya taraqqiyotga yordam sifatida ko'rilmoqda xolos. Chunki buning natijasida mamlakatga bilimlar, pul, yangicha g'oyalar kirib, mezbon mamlakat taraqqiyotiga o'z hissasini qo'shishi mumkin," deydi Klugman.

Hisobotda eng taraqqiy etgan va eng qoloq davlatlar ro'yxati ham keltirilgan. 182 davlat ichida Norvegiya, Avstraliya va Islandiya yashash uchun eng yaxshi, Niger, Afg'oniston va Syerra-Leone esa eng yomon davlatlar deya tilga olingan.

XS
SM
MD
LG