Varshavada O'zbekistondagi siyosiy mahbuslar masalasi ko'tarildi


Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining inson huquqlari bo`yicha yaqinda Varshavada o'tgan yig`ilishida o`zbekistonlik faollar asosiy e`tiborni mamlakatdagi siyosiy mahbuslar taqdiriga qaratdi.

Huquq faollari ularni qamoqdan ozod etish talabi bilan murojaat qildi. Mamlakatda o`nlab siyosiy mahbus turli ayblar bilan qamoq jazosini o`tamoqda.

O’zbekistonda siyosiy tutqinlarni ozod etish talabi bilan Yevropa ittifoqiga yo`llangan murojaatga xorijdagi va mamlakatdagi ko`plab inson huquqlari tashkilotlari imzo chekkan.

Vijdon tutqinlarini ozod qilish qo`mitasi rahbari Bahodir Namozov o’zbek siyosiy mahbuslari masalasida Varshavadagi majlisda ma’ruza qilgan. Uning aytishicha, huquq himoyachilari siyosiy tutqinlar taqdiri haqida qanchalik qayg’urmasin mahbuslar va tazyiqlar ortib bormoqda.

“Anjumanda siyosiy mahbuslar bilan bog`liq ahvol haqida axborot berdim. O`zim bilan birga siyosiy mahbuslar ro`yxati bor edi, kengaytirilgan ro`yxat. Unga shu yil qamoqqa olingan siyosiy mahbuslar ham kiritilgan. Mana yaqinda huquq himoyachisi Farhod Muxtorov ustidan hukm chiqdi, uni ham siyosiy mahbuslar qatoriga qo`shish mumkin. Jiddiy qabul qilishayapti, lekin ularda ham ta`sir ko`rsatish chegaralangan”, - deydi Bahodir Namozov.

O'zbekistonda vijdon tutqinlari sifatida atalayotgan, diniy e`tiqod bo`yicha qamalgan yuzlab mahbuslardan tashqari yozuvchi-shoirlar, jurnalistlar va huquq himoyachilaridan iborat mahbuslar guruhi ham bor. Yozuvchi Mamadali Mahmudov 1999 yilda sodir etilgan portlashlarda ayblanib, 14 yilga qamalgan.

Mahmudovning yaqinlari deydiki, 10 yildan ortiq umrini qamoqda o`tkazgan yozuvchi bugun salomatligini deyarli yo`qotgan. Adabiyotshunos olim Botir Norboyevning aytishicha, Mahmudov faol fuqarolik pozitsiyasiga ega o`zbek yozuvchilaridan biridir.

“Mamadali Mahmudov o`zbek tiliga davlat tili maqomi berilishida fidoyilik ko`rsatgan yozuvchilardan biri. O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o`rinbosari bo`lib ishlagan, jamoat ishlarida faol qatnashib kelgan. Yozuvchi sifatida har doim haqiqatni yozishga intilgan. “O`lmas qoyalar” romani asosan turkiy birlik haqida, unda shu birlikka raxna solayotgan guruhlar fosh qilinadi. Hozirga kelib, uni qamalishi ham tushunarsiz bo`lib turibdi”, - deydi adabiyotshunos.

Faollar fikricha, ijoddagi keskin tanqidlari uchun qamoq jazosiga hukm qilinganlardan yana biri shoir Yusuf Juma. Hokimiyat vakilini haqoratlashda ayblanib, 5 yilga qamalgan shoir jazo muddatini shafqatsiz sharoiti bilan tanilgan “Jasliq” qamoqxonasida o`tamoqda.

3 oktyabr kuni shoir bilan qizi Feruza uchrashgan. Ma`lumotga ko`ra, Yusuf Juma uchrashuvdan uch kun avval jazo kamerasidan chiqqan. Shoir jazo kamerasida qiynoqqa tutilgan.

“Yusuf Jumani qamalishida piketlar rol o`ynagan bo`lsa-da, uning ijodida keskin bir ruh bor. Haqorat qilish yoki boshqa emas, shu hayotdagi kamchiliklarni, muammolarni tanqid qilish. Qamalishiga shu tanqidiy ruh ham sabab bo`ldi shekilli”, - deydi shoir haqida adabiyotshunos Botir Norboyev.

Vijdon tutqinlari qo’mitasi rahbari Bahodir Namozovga mustaqillik munosabati bilan e`lon qilingan umumiy amnistiya siyosiy mahbuslarni chetlab o`tmoqda.

“Davlat ularni siyosiy mahbus deb hisoblamasayam, baribir saqlab o`tiribdi. Qancha og’ir jinoyat qilganlar chiqib ketdi amnistiya bilan, siyosiylarga esa hech qanday yengillik tegmadi. 28 avgustda e`lon qilingan amnistiya ham hozircha birorta siyosiy mahbusga qo`llangani yo`q”, - deydi Namozov.

Huquq faollari siyosiy mahbuslarni ozodlikka chiqarishda hukumat bilan muloqot yuritayotgan Yevropa Ittifoqi ko`magiga ko`z tikmoqda. Faollarning aytishicha, siyosiy mahbuslarni ozodlikka chiqarish Yevropa bilan uzilgan munosabatlarning tiklanishida asosiy shartlardan bo`lishi kerak.

XS
SM
MD
LG