Turkiya va Armaniston aloqani tiklayotgani norozilik uyg'otyapti


Bir asr davomida g’animlarcha munosabatda bo’lgan Armaniston va Turkiya endi hamkor davlatlarga aylanmoqchi.

Shveytsariyada imzolangan tarixiy bitimning mazmuni shuki, oradagi kelishmovchiliklarni yengish uchun avvalo hamjihatlik yagona maqsad deb belgilanishi shart. Muzokaralarga AQSh vositachilik qilib keladi.

Kelishuv Armanistonda katta qarshilikka sabab bo’lmoqda. Yerevanda 10 mingga yaqin kishi namoyishga chiqib,Turkiya bilan diplomatik aloqalar o’rnatilayotganini qoralagan.

Armanlar Turkiyadan 1915 yilda Usmoniylar imperiyasi bir yarim million armanni qirib tashlagan va bu genotsid bo’lgan deya tan olishini talab qilmoqda.

Turkiya bunday qilmoqchi emas va rasmiy Anqara nazarida armanlar Birinchi Jahon Urushi kechayotgan qiyin bir davrda ocharchilik va mahalliy mojarolarda o’lgan.

Bu boradagi azaliy bahslarni chetga surib, qo’shni xalqlarning bugungi hayotini yaxshilash maqsadida erishilgan do’stlik bitimiga binoan orada uzoq vaqtdan beri yopiq turgan chegara ochiladi.

Amerika, Yevropa Ittifoqi va Rossiya olqishlagan bu hujjat Turkiya va Armaniston parlamentlari tasdig’idan o’tishi kerak.

Turkiyada ham bu kelishuvdan norozi insonlar ko’p ekan, uning amaliy ijrosi hozircha mavhum.

XS
SM
MD
LG