Viloyatlarda 7-sinfdan boshlab bolalar paxtada


Ayrim tumanlarda 5-sinf bolalari ham paxta termoqda

Yig’im-terim mavsumi munosabati bilan viloyat maktablarida darslar bekor qilingan, hokimiyat ko`rsatmasiga binoan, bolalar dalaga olib chiqilgan.

Asosan, 7-sinf, ayrim tumanlarda 6-sinfdan boshlab o'quvchilar paxta terimiga ommaviy safarbar qilingani xabar qilinmoqda.

Rasmiy Toshkent mamlakatda bolalar majburan ishlatilayotganini rad etib keladi. O'zbekiston bolalar huquqlarini kafolatlash to'g'risida BMT konvensiyasini ratifikatsiya qilgan, bolalar mehnatining og`ir turlarini taqiqlash bo`yicha qonun qabul qilingan.

Faollar fikricha, qonunlar qog`ozda, bolalar esa har doimgidek dalada. Lavhani muxbirimiz Malik Mansurdan tinglasak.

Toshkent viloyatida 7, 8, 9-sinflar paxta terimiga chiqarilishi munosabati bilan maktabda darslar to`xtagan.

“O'qishlar to'xtagan, hamma paxtada, oqituvchilar ham yotog’i bilan jalb qilingan. Yettinchi sinfdan boshlab majburiy qilib belgilangan”, - deydi huquq himoyachisi Akrom Muhiddinov.

Qashqadaryoda viloyat televideniyesida hokimiyat terimga safarbarlikni kuchaytirish haqida murojaat bilan chiqqan. Qarshi shahridagi maktablarda 8,9-sinf o`quvchilari paxta dalasiga jo’natilgan. Jizzaxda ham yuqori sinf o`quvchilari bir oyga paxtaga olib ketilgan.

“Shahardagi o`quvchilar ertalab paxtaga olib ketiladi, kechqurun olib kelinadi. Ayrim tumanlarda o’quvchilarni bir oylik muddat bilan olib ketishgan, tunu kun paxta dalasida bo`lishadi”, - deydi mahalliy faollardan biri.

Sirdaryoda yuqori sinf o’quvchilaridan tashqari qishloq maktablarida 6-sinfdan boshlab o’quvchilar paxta terimiga olib chiqilayotgani haqida ma'lumotlar bor.

“7,8,9-sinf o’quvchilariga 10 noyabrgacha deb ko`rsatma berilgan. Tumanlardagi vakillarimiz berayotgan malumotga ko`ra, 5, 9-sinfgacha bo`lgan o`quvchilar paxta terimiga jalb qilingan”, - deydi “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati vakili Karim Bozorboyev.

Bir kilosi 85 so'm

Ma`lumotlarga ko`ra, bu yilgi terimda bir kilogramm paxta uchun 85 so`m ish haqi belgilangan. Bu pul paxta terimida o`quvchilarga beriladigan oziq-ovqat pulini ham qoplamaydi.

“Bola yuz kilo paxta tera olmaydi-ku. Uni yeyishi bor, ichishi bor, oyog`idagi botinkani o`zi hozir falon pul turadi. Yeydigan ovqati bo`lka non bo`lsa, 85 so`m nima u? Hozir bir quti gugurt ham yuz so'm turadi. Bu pulga hech kim ishlamaydi, mardikor ham terimdan ko`ra bozorda yuk tushirishni afzal biladi”, - deydi Akrom Muhiddinov.

Mardikor bu pulga paxtaga chiqmaydi

O'zbekistonda ishsizlik darajasi juda yuqori, ishsizlarning ko’pi tumanlar, qishloqlarga to`g`ri keladi. Biroq ularni paxta terimiga jalb etish qiyin.

“Maktab bolalarini majburiy ishlatish mumkin, ishsizlar esa bergan haqi qoniqtirmasa paxta termaydi”, - deydi faollardam biri.

Mulohazalarga ko`ra, o`quvchilar arzon ishchi kuchi, ularni ortiqcha e`tirozlarsiz ommaviy ravishda safarbar etish mumkin – shu bois bolalar paxta terimida asosiy kuchi sifatida qolmoqda.

Paxta terimi dekabrga qadar cho`zilishi mumkin. Har yili dalaga 2 million atrofida bola olib chiqiladi, ta`lim berish to`xtaydi, maktablar hasharchilar uchun yotoqxonaga aylantiriladi.

Karim Bozorboyevning aytishicha, sobiq ittifoq davridan buyon buzilmay kelayotgan an`ana o`zbek yoshlarida og`ir mehnatga nisbatan ko`nikmani hosil etmoqda.

“Sovet paytida biz ham paxtaga chiqardik, chopiq qilardik, izg`irin davrigacha paxta dalasida yurar edik. Bu narsa hozirgacha bartaraf qilinmadi. Buning ostida yoshlarimiz kelajagi yotibdi. Bu degani ertaga ular malakali ta`lim ololmaydi, kimdir poda boqadi, kimdir hozirgi mehnat muhojirlari o`rnini egallaydi. Biz hozirdan ularni shunga tayyorlab borayammiz. Qancha odamlar ishsiz o`tiribdi, qanchasi tashqarida bola-chaqam deb yuribdi. Davlatimiz bu bilan o`sha mehnatkashlar o`rniga kadrlar tayyorlamoqchi”, - deydi Bozoboyev.

Fermer: hasharchilarsiz hosilni yig'ishtirish qiyin

“Bizga yordam berishmasa, paxtamiz dalada qolib ketadi. Birinchi terimga ulgurmasak, ikkinchisi qolib ketadi, shuning uchun ham o`quvchilar yordam bermasa bo`lmaydi. Avvallari kombaynlar bor edi, hozir yo`q, juda qimmat, fermer kombayn olish qudratiga ega emas. Rossiyadan, Amerikadan kombaynlar keladi, ular juda qimmat. Bug`doy o`radigan kombayn xarajatini o`zi daromadimizni deyarli yeb ketadi”, -deydi fermerlardan biri.

Boshqa bir fermer so’zlariga ko`ra, hukumat paxta bahosini 500 so`mdan belgilagan. Terimga to`lanadigan 85 so`m, hasharchilarning oziq-ovqati, transport va boshqa xarajatlarini qo`shib hisoblaganda terimning o'zi fermerga 200 so`mdan ko`proqqa tushadi. Bundan qolgani esa erta bahordan hozirgacha paxta yetishtirishga ketgan xarajatlarni qoplashi gumon.

“Asosiy muammo nimada? O`g`itni bahosi, soliqlar, xizmat ko`rsatishdagi boshqa baholar ham dunyo andozalariga to`g’ri keladi, lekin paxtani, bug`doyni sotib olish bahosi hech bir narsaga to`g`ri kelmaydi. Juda arzon, biz o`z haqqimizni ololmayapmiz”, - deydi fermer.

O'zbek paxtasiga boykot e'lon qilingan

Xalqaro maydonda bolalar mehnati evaziga terilgan o`zbek paxtasini boykot qilish kampaniyasi davom etmoqda. Hozirgacha dunyo miqyosidagi bir necha yirik savdo kompaniyalari bu boykotga qo`shilgan. O`zbekistonda bolalarni majburiy mehnatga jalb etish masalasi AQShdagi siyosiy doiralarda ham muhokamaga chiqmoqda.

Senator Tom Xarkin bu borada AQSh Kongressiga rezolyutsiya taqdim etgan.

Yaqinda AQSh matbuotida senator Xarkinning bolalar mehnati va o`zbek paxtasi haqida maqolasi e`lon qilindi. Unda ta`kidlanishicha, O`zbekiston paxta savdosidan yiliga milliard dollarga yaqin daromad ko`radi, biroq bu pullar hukumatni va davlatga qarashli korxona rahbarlarinigina boyitmoqda. Ertadan kechgacha paxta dalasida mehnat qilayotgan bolalar esa faqat ovqat puli uchun ishlashga majbur.

Tahlilchilar: hukumat, alohida guruhlar mavjud tartibdan pul qilmoqda. Ular islohotdan manfaatdor emas.

Mustaqil ekspert Rashid Taymurov fikricha, asosiy eksport vositasi hisoblangan paxta yetishtirish, sotish tizimi o`zgarishsiz qolayotgani hukumat doirasidagi guruhlar manfaati bilan bog`liq.

“O`zbekistonda buning uchun barcha sharoitlar mavjud, markazlashgan tizim yaratilgan. Paxta ortiqcha xarajatlarsiz ommaviy safarbarlik hisobiga yig`iladi. Fermerlar paxta yetishtirishga, uni arzon bahoda sotishga majbur qilingan. Bu bozor iqtisodiga mutlaqo qarama-qarshi tizim”, - deydi ekspert.

Taymurovning aytishicha, paxta yakkahokimligi mamlakat iqtisodiga zarar yetkazmoqda. Fermerdan paxtani arzon sotib olishdan manfaatdor bo`lgan guruhlar qishoq xo`jaligida islohotlar o`tkazishga qarshilik qilmoqda.

“O`zbekistonda yerlar sho`rlanishda davom etayapti, paxta yakkahokimligi suv zaxiralarini qisqarishiga ham olib keldi. Paxta eksportidan tushayotgan daromadni xalq turmush darajasini ko`targani kuzatilmadi. Mamlakat miqyosida faqat bir sohaga urg’u berilishi iqtisodni boshqa sohalarining oqsashiga ham sabab bo`ldi”, - deydi ekspert.

Rasmiy Toshkent parvoyiga keltirmaydi

AQSh Mehnat vazirliligi yaqinda bolalar majburiy mehnati evaziga yetishtrilayotgan mahsulotlar ro`yxatiga o`zbek paxtasini ham kiritdi.

14 oktyabr kuni AQShdagi bir nechta nodavlat tashkilotlari o`zbek o`quvchilarini paxta terimiga jalb etishni to`xtatish talabi bilan O`zbekistonning AQShdagi elchixonasi yonidada norozilik namoyishi rejalashtirgan.

Paxta terimi bilan bog`liq bu yilgi vaziyat ham xalqaro maydonda kechayotgan noroziliklar O`zbekiston hukumati uchun ahamiyatsiz qolayotganini ko`rsatmoqda.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG