Breaking News

Qozog'iston boj zonasi orqali Jahon Savdo Tashkilotiga kirmoqchi


Qozog’iston kelasi yilga borib Rossiya va Belarus bilan iqtisodiy ittifoqqa kirishga tayyor va ular bilan hamkorlikda Jahon Savdo Tashkilotiga qo’shilish ahdida qat’iy.

Bu davlat Sanoat va savdo vaziri o’rinbosari Janar Aytjanova Vashingtonda AQSh siyosatdonlari va tadbirkorlari oldida so’zlab, jarayon murakkab ammo samarali kechmoqda dedi.

Yagona boj zonasi, yagona pul birligi

Qozog’iston, Rossiya va Belarus yagona boj zonasiga aylansa, 160 milliondan ortiq aholi yashovchi yirik bozor hosil bo’ladi.

Bu esa, deydi Janar Aitjanova, Qozog’istonga chetdan sarmoya jalb etish, faqat neft sohasi emas, iqtisodiyotning boshqa jabhalarini ham rivojlantirish, savdo-sotiqni jadallashtirish uchun ayni muddao.

Aytjanovaning aytishicha, boj zonasi 2010 yilning 1 yanvaridan kuchga kiradi. Uch davlat oxirgi yillar mobaynida moliyaviy tizimini uyg’unlashtirib, qonun-qoida va tartibni bir qolip-shaklga keltirgan, deydi Janar Aytjanova. Yaqin kelajakda, deydi u, bu uch davlat yagona pul birligiga ham o’tishi kutilmoqda.

Qozog’iston Vashingtondan ko’proq investitsiya so’rar ekan, Amerika siyosiy doiralarida bu ittifoq aslida Rossiya qo’l ostida bo’ladi degan xavotir hukmron.

Janar Aytjanova “Bu tashvish o’rinsiz, uch davlat bir-biri bilan shunday bog’langan bo’ladiki, u yerda hech kim o’zboshimcha harakat qila olmaydi”,- deydi.

Zonaga tashqaridan mahsulot olib kirish oson bo'ladi, qo’shni davlatlarning biznes qilishi yengillashadi degan umidlar bor. Lekin mutaxassislar nazarida regiondagi muammolar faqat ittifoq tuzish bilangina yechilib qolmaydi. O’zgarishlar qog’ozdagi va’dalarga emas, amaliy qadamlarga, siyosiy irodaga bog’liq. Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatiga kiruvchi Tojikiston va Qirg’iziston ham unga taklif qilingan.

Iqtisodiy zona tuzilsa, qo'shnilar ham qiziqib qoladi

Xalqaro Transportirovka Ittifoqi (International Road Transport Union) Qozog’iston va atrofdagi davlatlarda anchadan beri ishlab keladi.

Tashkilot rahbar muovini Umberto de Pretto fikricha, qanday blok bo’lishidan qat’iy nazar Markaziy Osiyo iqtisodiy birdamlikka intilishi, Qozog’iston bunda o'z hissasini qo'shishi kerak.

Yonma-yon yashaydigan xalqlar rahbarlarining fikri bir joyda emasligi sabab ham regionda biznes qilish qiyin kechmoqda, deydi Umberto de Pretto.

Qozog’istonning Rossiya va Belarus bilan boj ittifoqiga kirayotgani yomon emas, buning Markaziy Osiyoga ham foydasi salmoqli bo'ladi, deydi ishbilarmon. Bu davlat regionda iqtisodiy tayanchga aylanarkan, O’zbekiston, Qirg’iziston, Tojikiston va Turkmaniston ham hamkorlikni oshirmasa bo’lmaydi, deydi Umberto de Pretto.

Yuqorida tilga olingan davlatlar Qozog’iston bilan o’zaro savdo-sotiq tobora jadal ekanini ta’kidlaydi. Janar Aytjanova ham buni tasdiqlaydi.

Qirg’iziston va Tojikiston regional integratsiya tarafdori ekanini bayon etgan, ammo O’zbekiston va Turkmaniston mintaqaviy birdamlik haqida boshqacha fikrda. Bu mamlakatlar o’ziga xos taraqqiyot yo’liga ega ekani va rivojlanish sur’ati bir tusda emasligini aytib, turli bloklarga uncha qiziqish bildirmaydi.

Jahon Savdo Tashkilotiga a'zolik yo'lida Qozog'istonga qo'yilgan talablar serob

Janar Aytjanova Qozog’istonning Jahon Savdo Tashkilotiga kirish harakatlariga bosh-qosh.

“Talab shuki, har bir a’zo bilan til topishib, ularning iznini olish kerak. Bu oson kechmaydi, ayniqsa Amerika va Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralar qachon yakunlanishini bilmaymiz”,- deydi u.

Tashkilot talablarini qondirish esa undan-da qiyin masala. Qonunchilik, ijro va tekshiruv tizimlari isloh qilinishi kerak. Korrupsiya va poraxo’rlik chuqur ildiz otgani, davlat ishi va jamiyatda oshkoralik yetishmasligi va kadrlar taqchilligi eng ulkan to’siqlar sifatida ko’riladi.

Qozog’iston Jahon Savdo Tashkilotiga Rossiya va Belarus bilan bir guruh sifatida, boj zonasi tarzida kirishni rejalagan. Lekin muzokaralar har bir davlat uchun alohida kechadi. Rossiya bu ishlarni ancha ilgari boshlagan.

Bir paytda kirish uchun Qozog’iston va Belarus harakatlarni kuchaytirishi, 153 a’zo davlat bilan kelishishi kerak.

Hozirgacha Markaziy Osiyodan faqat Qirg’iziston Jahon Savdo Tashkilotiga qabul qilingan.

Bu uyushmaning asosiy maqsadi ishlab chiqaruvchi, eksportchi va importchiga mahsulot va xizmatni xaridorga yetkazish yo’lida yordamlashish, jarayonni osonlashtirish.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG