Breaking News

AQSh yetakchi diplomati Toshkentda Karimov bilan uchrashgan


AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha muovini Robert Bleyk (Robert Blake) O’zbekistonga safarini davom ettirmoqda.

Prezident Islom Karimov, Oliy Majlis a’zolari va boshqa rasmiylar bilan o’tgan muzokaralarda AQSh -O`zbekiston hamkorligini kengaytirish haqida gaplashilgan.

O'zbekiston prezidenti AQSh davlat kotibi muovinini qabul qilar ekan, tashrifni ikki tomonlama aloqalarning yangi bosqichga chiqayotgani ramzi sifatida baholadi.

“Siz orqali AQSh prezidentiga va Amerika xalqiga o`z ehtiromimni bildirmoqchiman. Bu Sizni O`zbekistonga birinchi tashrifingiz. Safaringiz davomida mamlakatdagi haqiqiy holat bilan tanishishga, mintaqadagi vaziyatni tushunish uchun imkoniyati bo`lishiga ishonchimiz komil”, - dedi Karimov Bleykka qarata.

Bleyk "Amerika Ovozi"ga intervyu berganida "Aloqalar faqat harbiy sohada bo'lmaydi" degan edi.

Siyosiy sharhlarga ko’ra, aloqalar asosan Afg`onistondagi vaziyat hisobiga rivojlanmoqda. AQSh-O`zbekiston munosabatlarini to`la ma`noda ikki tomonlama hamkorlik darajasiga ko`tarilgan deyish qiyin.

“Albatta asosiy masala Afg`oniston. Afg`onistonga koridor masalasi. AQSh uchun Afg`oniston masalasi qanchalik muhimligini tushunamiz ”, -deydi “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov.

AQSh ayni paytda Afg`onistondagi harbiylari sonini yanada ko'paytirish ustida o'ylanmoqda. Ularni barcha zarur harbiy va noharbiy vositalar bilan ta'minlash tabiiyki o'ta nozik masala.

O`zbekiston Afg`onistondagi amaliyotlar uchun noharbiy yuklarni tranzit qilayotgan asosiy davlatlardan biri. Muzokaralarda bu asosiy e`tiborda.

Tahlilchilar fikricha O`zbekiston AQSh bilan hamkorlikni kuchaytirar ekan, asosan xavfsizlik bo`yicha kafolatdan, iqtisodiy sarmoyadan umid qilmoqda.

“Albatta bu borada muzokaralar bo`lgan bo`lishi kerak, hali yana e`lonlar ham bo`lar. Ikki tomonlama hamkorlikda ancha masalalar yig`ilib qolgan. Agar shunday tashriflar doimiy bo`lsa, O`zbekistonga moliyaviy yordamni tiklanishi, sarmoyalar, NATO bilan hamkorlik masalasi ko`tarilsa kerak. Bular ham xalqaro, ham ikki tomonlama munosbatlarni belgilaydi”, - deydi siyosiy sharhlovchi Farxod Tolipov.

AQSh elchixonasi ma`lumotiga ko`ra muzokaralarda iqtisodiy va gumanitar yordam ham muhokama qilinmoqda.

AQSh delegatsiyasi mamlakatdagi fuqarolik jamiyati vakillari bilan ham uchrashgan. Mahalliy faollar uchrashuvning rasmiy muzokaralardan so`ng amalga oshganidan xursand emas.

“AQSh ma`muriyati inson huquqlari masalasiga ikkinchi planda qaramasmikan degan xavotir bor. AQSh ayrim masalalarda O`zbekiston hukumatiga yon berishi, og`ir holatlarga ko`z yumishi mumkin. Lekin munosabatlar yaxshilansa, siyosiy aloqalar yo`lga qo`yilsa, inson huquqlari bo`yicha vaziyatni yaxshilashni talab etuvchi ta`sir vositalari ham kuchayadi”, - deydi Abdurahmon Tashanov.

Faollarning aytishicha mamlakatda inson huquqlari bilan bog`liq vaziyat tobora og'irlashmoqda. AQSh delegatsiyasi tashrifidan bir kun avval Farg`onada yana bir huquq himoyachisi G`anixon Mamatxonov tovlamachilik aybi bilan hibsga olingan.

XS
SM
MD
LG