Xillari Klinton Moskvada Eron masalasi haqida gaplashmoqda


AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton Moskvaga tashrif buyurar ekan, Rossiya bilan Eron yadro dasturi masalasini muhokama qilmoqda. Uning aytishicha, Eron bilan yangidan muzokaralar boshlangan, shu sabab qo'shimcha sanksiyalar qo'yishga hali erta.

Xillari Klinton Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashib, Rossiyaning Eron masalasi bo'yicha hamkorligini ijobiy baholagan. Lavrovning aytishicha ham, Tehronga ayni damda sanksiyalar qo'yish teskari natija berishi mumkin.

Ammo, deydi Klinton, agar Eron xalqaro hamjamiyat bilan bu borada hamkorlik qilmasa, uni jazolashga to'g'ri keladi.

AQSh va Rossiya rasmiylari dekabr oyida muddati tugayotgan Strategik qurollarni qisqartirish bitimini yangilash va yadro arsenalini yanada kamaytirishga qaratilgan muzokaralar muvaffaqiyatli kechayotganini ta'kidlagan.

Klinton bugun shuningdek prezident Dmitriy Medvedev bilan ham uchrashib, Afg'onistondagi vaziyat va Barak Obama ma'muriyatining raketa hujumiga qarshi mudofaa rejasining yangicha ko'rinishini muhokama qilmoqda.

Ma'lumki, Barak Obama Jorj Bush prezidentligi davrida ishlab chiqilgan rejadan qaytmoqda. Unga ko'ra, Qo'shma Shtatlar Polsha va Chexiyada radar va raketalar o'rnatib, Eron ehtimoliy hujumidan mudofaa tizimi yaratmoqchi edi. Kreml AQShning yangi rejasi bo'yicha hamkorlik qilishga tayyor ekanini aytmoqda.

Ko'p masalalarda hamkorlik yaxshi yo'lga qo'yilgan bo'lsada, deydi Xillari Klinton, ikki davlat Gruziya hamda bo'lginchi Abxaziya va Janubiy Osetiya masalalari bo'yicha qarama-qarshi fikrda.

Davlat kotibi Moskvada huquq faollari bilan ham uchrashib, Qo'shma Shtatlar Kreml bilan munosabatlarda inson huquqlari va demokratiya masalalarini chetlab o'tmasligini ta'kidlagan.

XS
SM
MD
LG