Breaking News

AQSh dollari qadrini yo'qotib bormoqda


Jahon banki prezidenti Robert Zellikning aytishicha, moliyaviy inqiroz AQSh dollarining jahon valyutasi sifatidagi roliga zarba berdi. Dollar mavqeiga katta putur yetmagan bo’lsada, yevro va Xitoy yuani uni siqib chiqarishga harakat qilyapti.

Qo’shma Shtatlar dollar umumiy jahon valyutasi sifatida muqim turadi deb o’ylamasligi kerak. Jahon moliya tizimida katta o’zgarishlar ro’y bermoqda, deydi Jahon banki rahbari.

“Kelajakda dollarga muqobil valyuta paydo bo’lishi mumkin va AQSh shuni nazarda tutishi kerak”,- deydi Zellik.

Xususan, deydi u, yevro va yuan. Yevro Yevropa Ittifoqiga a’zo 16 mamlakatda asosiy pul birligi hisoblanadi. Xitoy esa o’z aksiyalar bozoriga xorijiy kompaniyalarni qo’yib, jahon moliya bozorida yetakchi o’ringa da’vo qilmoqda.

“Xitoy savdo hamkorlariga yuanda ish yuritish uchun sharoit yaratmoqda. Masalan, valyutani ayirboshlash orqali. Sarmoyalar olamida bu hol hali ko’p kuzatiladi deb o’ylayman”,- deydi Zellik.

Uning aytishicha, global iqtisodiy inqiroz paytida markaziy banklar ishni to’g’ri yo’lga qo’ya olmagan. AQSh moliya tizimi ustidan nazoratni moliya vazirligiga topshirgan ma’qul, deydi Zellik.

“AQShda mustaqil organ hisoblanuvchi Markaziy Bankka ortiqcha vakolat berish oson emas. Krizis paytida esa ko’plab idoralar ishini muvofiqlashtirish uchun keng vakolatga ega bo’lish lozim. Moliya vazirligi bu ishga munosibroq. Bundan tashqari uning faoliyatini Kongress va jamoatchilik nazorat qilishi mumkin.”

Pittsburgda o’tgan Katta Yigirmalik sammiti ishiga to’xtalar ekan, Zellik guruhning global moliyaviy hamkorlik boshida turgani ijobiy hol, ammo maydaroq davlatlar fikri yerda qolib ketmasligi kerak deydi.

“Katta Yigirmalik qashshoq va zaif davlatlarga yordam qo’lini cho’zishi kerak. Axir dunyoda bir yarim milliard odam chiroqsiz o’tiribdi, bir milliardi mojaro va samarasiz boshqaruv tufayli qashshoqlashgan”,- deydi Zellik.

XS
SM
MD
LG