AQSh diplomati Robert Bleyk: O'zbekiston bilan muloqot davom etadi


O'zbekistonga safar qilgan AQSh Davlat kotibi yordamchisi Robert Bleykning aytishicha, Amerika va O`zbekiston o'rtasida hamkorlik istiqboliga ishonch bor.

Ikki davlat fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida ham muloqotni yo'lga qo'ymoqchi.

Bu jarayon hukumatlarning bevosita, faol ishtirokida amalga oshishi mumkin, deydi u.

Robert Bleyk so’zlariga ko'ra, AQSh O’zbekistonning Afg’oniston bo'yicha ko`rsatgan ko`magidan minnatdor; O`zbekiston prezidenti Islom Karimov bilan uchrashuvda bu alohida ta`kidlangan.

Karimov bilan Afg’onistondagi vaziyat bo’yicha muzokaralar amaldagi shartnomalar doirasida borgan, shuningdek, uchrashuvlarda O`zbekistondan Afg`onistonga elektr energiyasi yetkazib berish imkoniyatlari ham muhokama qilingan.

AQSh rasmiysi nazarida ikki tomonlama munosabatlar o`zaro manfaatli bo`lgan keng sohalarni qamrab olmoqda. Munosabatlarning samarali kechishiga ishonch bor.

Bleykning aytishicha, ikki tomonlama hamkorlikni, jumladan, fuqarolik jamiyatini shakllantirish bo’yicha muhokamani boshlash yuzasidan muzokara bormoqda.

AQSh delegatsiyasi fuqarolik jamiyati vakillari bilan ham uchrashuv o'tkazgan. Mahalliy faollar inson huquqlari masalasi AQSh-O'zbekiston muzokaralaridan tushib qolayotganidan xavotirda.

Vashington O'zbekistonda fuqarolik jamiyatiga doir pozitsiyasini qayta ko'rib chiqmoqda

Rejalanayotgan yondashuv fuqarolik jamiyatini shakllantirishda asosan hukumat yetakchiligida ishlashni nazarda tutadi.

“Haqiqatda hozir bu boradagi taktika o`zgarayapti deyish mumkin. AQSh O`zbekistonda inson huquqlari yaxshilanishidan, demokratiya rivojlanishidan manfaatdor. Lekin shu strategik maqsadni yo`qotmagan holda fuqarolik jamiyatiga yordam beruvchi mahalliy kuchlar, fuqarolik jamiyati institutlari, huquq himoyachilari guruhi bilan ishlash taktikasi qaytadan ko`rib chiqilayapti deyish mumkin. Asosiy maqsad -- hukumat vakillari, qaror qabul qiluvchi idoralarni fuqarolik jamiyatiga doir muammolar bo`yicha bir stol atrofida to'plash. Konstruktiv bo'lmagan tanqidlarni to'xtatish. Albatta, hukumatning asosiy islohotchi sifatidagi rolini rad etmagan holda”, - deydi huquq himoyachisi Suhrob Ismoilov.

Robert Bleyk ma`lumoticha, bu borada hukumat bilan hamkorlikda ishlash uchun dastlabki qadamlar qo’yilgan. O’zbekiston hukumatiga AQSh hukumati nomidan tashrif taklifi qoldirilgan.

“Bu taklifnomaga ko'ra, O'zbekiston hukumatiga o'ziga qulay vaqtni tanlab, istagan paytda maslahat o`tkazish uchun yuqori toifadagi delegatsiyani yuborishi mumkin. Ta`kidlaganimdek, o`zaro munosabatlarimizdagi barcha sohalarda rivojlanishga erishishimizga ishonchim komil”, - dedi AQSh davlat kotibi yordamchisi O`zbekistonda fuqarolik jamiyati rivojlanishiga oid vaziyat haqida.

Mahalliy faollar ikki o’rtadagi munosabatlar tiklanar ekan, O`zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish borasida AQShning pozitsiyasi mavhum qolayotganidan xavotir bildirmoqda.

Huquq himoyachilari deydiki, davlat kotibi yordamchisi boshchiligidagi AQSh delegatsiyasining bir necha kunlik tashrifi ham bu boradagi vaziyatga aniqlik kiritmagan.

XS
SM
MD
LG