Amerikaliklar o'zbek bolalari haqida qayg'urmoqda


O'zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi yonida respublika paxta dalalarida bolalarning majburan ishlatilishiga qarshi namoyish o'tdi. Uni AQShdagi bir necha tashkilotni o'z ichiga olgan "Bolalar mehnati koalitsiyasi" uyushtirdi. Faollar O'zbekistonda bu amaliyot hali ham davom etayotganidan xavotirda.

Namoyishga amerikalik o'qituvchilar, talabalar, kasaba uyushma va huquq faollari hamda cherkov mutasaddilari chiqdi. Namoyish ishtirokchilariga ko'ra, Sovet tuzumi davrida ham o'quvchilar paxta dalalariga olib chiqilardi, biroq O'zbekiston mustaqilligidan so'ng ahvol yanada yomonlashgan. Ba'zi ma'lumotlarga ko'ra, hattoki 7 yoshli bolalar ham o'qishini tashlab, majburan dalaga chiqariladi.

"Biz bugungi namoyish bilan O'zbekiston hukumatidan ayni damda paxta dalalariga yana olib chiqilgan bolalarni maktabga qaytarishni talab qilyapmiz. Bu juda ham og'ir mehnat. Bolalar bu kabi ekspluatatsiyadan ozod bo'lishlari kerak. Ular shu bugunoq maktabga qaytishi zarur," deydi Amerika o'qituvchilari federatsiyasi vakili Patritsiya Kifer.

Tadbir "O'zbekiston paxta dalalarida bolalarni majburan ishlatishni bas qiling" shiori ostida bir soatcha davom etdi. Namoyishchilar O'zbekiston elchisi nomiga yozilgan murojaatnomani kichik hajmdagi yuzlab otkritkalarga tushirib, elchixona xodimlariga topshirmoqchi bo'ldi, ammo o'zbek diplomatlaridan hech kim tashqariga chiqmagach, elchixona pochta qutisiga tashlab ketdi.

Murojaatnomada O'zbekiston hukumatidan majburiy mehnatga chek qo'yish, O'zbekiston a'zo bo'lgan Xalqaro mehnat tashkiloti va boshqa konvensiyalarga rioya qilish, Xalqaro mehnat tashkiloti rasmiylarini paxta terish mavsumida O'zbekiston dalalariga taklif etish, mustaqil jurnalistlar va huquq faollariga ushbu muammoni yoritishda to'siq qo'ymaslik talab qilinadi.

Amerikada ham bolalar ekspluatatsiya qilingan, ammo bu qullik davridagi illatlardan edi, deydi AQShning "Birdamlik Markazi" xodimi Timoti Rayan.

"Bu juda ham muhim tadbir. O'zbekiston hukumatining bolalarni majburlab ishlatishi uning mukkasidan ketgan ba'zi kompaniyalar ochko'zligidan ham o'tib tushganini ko'rsatmoqda," deydi Rayan.

"Amerika xaridorlar ligasi" va Yevropadagi ba'zi tashkilotlar jahondagi yirik to'qimachi kompaniya va savdo tizimlarini o'zbek paxtasini sotib olmaslikka va undan tayyorlangan to'qimachilik mahsulotlari bilan savdo qilmaslikka da'vat etmoqda.

"Xalqaro mehnat huquqlari forumi" direktori Bama Atreyaning aytishicha, kompaniyalar ko'p hollarda o'zlari sotayotgan mahsulotlarning qaysi paxtadan tayyorlanganini bilmaydi.

"Ba'zida kiyimlar o'zbek paxtasidan, bolalar tergan paxtadan qilingan bo'lishi mumkin. Ko'p kompaniyalar nizomida majburiy mehnat hisobiga tayyorlangan mahsulotlarni sotish ta'qiqlanadi. Biz ularni tovarlar qaysi paxtadan qilinganini sinchiklab o'rganishga da'vat etyapmiz," deydi Bama Atreya.

Shu yil AQSh Senatida O'zbekistonda bolalarning paxta dalalarida ishlatilishini qoralovchi rezolyutsiya loyihasi taqdim etilgan. Amerikalik faollar mamlakat qonunchilari bu mavzuni bundan keyin tez-tez ko'tarib chiqadi degan umidda.

XS
SM
MD
LG