Qonunchilar: AQSh Afg'onistonda asosiy vazifadan chalg'imoqda


NATOning aytishicha, bugun Afg'oniston sharqidagi Zabul va Vardak viloyatlarida mahalliy va xalqaro kuchlar bir necha jangarini yo'q qilgan. Oq uyda esa Afg'oniston strategiyasi muhokama etilar ekan, AQSh qonunchilari unga munosabat bildirmoqda. Demokrat-senator Robert Byordning aytishicha, Amerika Afg'onistonda asosiy vazifalaridan chalg'igan. Osama bin Ladenni topish o'rniga Afg'onistonni demokratik davlatga aylantirishga kirishgan, deydi qonunchi.

AQSh va NATOning Afg'onistondagi kuchlari qo'mondoni Stenli Makkristal 30 mingdan 40 minggacha qo'shimcha askar so'ramoqda.

Senator Byord bin Ladenni topish uchun nahotki shuncha askar kerak bo'lsa deya ajablanmoqda.

"Agar al Qoida Pokistonga ko'chgan bo'lsa, Afg'onistonda qo'shinlarni ko'paytirib nimaga erishamiz," deydi qonunchi.

Vakillar Palatasida ko'pchilik sardori, demokrat Steni Xoyer ham qo'shinlar sonini oshirishga qarshi.

Shubhali saylovlardan so'ng Afg'onistonda hukumatga ishonib bo'ladimi, deydi ikkala qonunchi.

Saylov natijalari hali ham aniq emas. Saylov shikoyatlari komissiyasiga ko'ra, prezident Hamid Karzay foydasiga juda ko'p soxtalashtirish hollari bo'lgan. Komissiya yaqin kunlar ichida yakuniy qaror chiqaradi. Qo'shib-yozilgan ovozlar umumiy ovozlar sonidan chiqarib tashlanishi kutilmoqda.

Karzayning saylovlardagi asosiy raqibi Abdulla Abdulla ikkinchi bosqich o'tkaziladi degan umidda.

Hozircha Karzay 54 foiz ovoz bilan oldinda. Kamida 5 foizi soxta deb olib tashlansa, ikki nomzod bir-biriga qarshi yangidan bellashadi.

AQShdagi ba'zi tahlilchilarga ko'ra, Afg'onistonda qo'shinlar sonini oshirmasdan ham g'alaba qilish mumkin. Ular mahalliy armiya va politsiyani tayyorgarlikdan o'tkazib, iqtisodiyotni ko'tarishni taklif etmoqda.

Pol Pillar o'tmishda Markaziy Razvedka Boshqarmasida ishlagan. Ayni damda Jorjtaun universitetida dars beradi.

Uning aytishicha, qo'shinlarni ko'paytirish deyarli hech qanday natija bermaydi.

"Bu bilan AQSh xavfsizligi kuchayadi deb bo'lmaydi," deydi Pillar.

Britaniya Bosh vaziri Gordon Braunning aytishicha, Afg'onistonga qo'shimcha 500 askar yuborilmoqda. Jami britan qo'shinlari soni 9,5 mingga chiqadi.

XS
SM
MD
LG