Pokistonda armiya Tolibonga qarshi yangi urush boshladi


Pokiston armiyasi Afg’oniston bilan chegaradosh hudud – Janubiy Vaziristonda Tolibonga qarshi yirik harbiy amaliyotlar boshlagan.

Pokiston rahbariyati va qo’mondonlar poytaxt Islomobodda majlis qilgach, Janubiy Vaziristonga qo’shin tortilgan, harbiylar hujumga kirishmoqda.

Oxirgi paytlarda Pokiston terror xurujlaridan boshi chiqmay qoldi. Xalqaro va xavfsizlik tashkilotlari nishonga olinmoqda, Lohur notinch, Islomobodda harbiy qarorgohlar qattiq zarba yegan. So’nggi ikki haftadayoq 175 odam nobud bo’lgan. Hukumat bu hujumlarda Janubiy Vaziristonda o’rnashib olgan toliblarni ayblaydi.

Armiya ishga kirishar ekan, Pokistonning ayrim hududlarida komendant soati e’lon qilingan, uyali aloqa xizmati ochirilgan.

Rasmiylarning aytishicha, hozir Janubiy Vaziristonda 30 ming harbiy bor; ular 10 ming kishilik Tolibon armiyasiga bas kelishi kerak. Mintaqa havodan ham nishonga olinmoqda. Garchi armiya soni jihatdan ustun bo’lsa-da, Amerika Ovozi bilan suhbat qilgan mutaxassislar jang mushkul bo’ladi, demoqda.

Sobiq harbiy Mahmud Shoh so’zlariga ko’ra, Tolibon qonun-qoidaga qarab jang qilmaydi. Bu urushda an’anaviy jang usullari ish bermaydi. Tolibon ochiq maydonda emas, tog’u toshlar, chekka mintaqalarda olishadi, o’z joniga qasd qilish – ular uchun odatiy hol, deydi sobiq harbiy.

Armiya avval ham shu kabi amaliyotlar o’tkazgan. Natijada hukumatga hayrixoh qabila vakillari Tolibon o’ljasiga aylanib, muxolif partiyalar bu operatsiyalarni qo’llab-quvvatlashdan bosh tortgan edi.

BMT Gumanitar yordam dasturi rahbari Manuel Bessler mintaqadagi tinch aholi taqdiriga e’tibor qaratmoqda. Bahordan beri 70-80 ming odam uy-joyidan bosh olib ketgan. Armiya hujumga kirishar ekan, kuniga 70-100 oila Janubiy Vaziristonni tark etmoqda. Qish qahratonida ularni yegulik, boshpana, kiyim va dori-darmon bilan ta’minlash kerak bo’ladi, deydi u.

XS
SM
MD
LG