Afg'onistonda 210 saylov uchastkasidan natijalar bekor qilingan


Prezident Barak Obama Afg'oniston strategiyasini muhokama qilar ekan, mamlakatda prezident saylovlarining ikkinchi bosqichi o'tkazilishi mumkin. Amaldagi prezident Hamid Karzay foydasiga berilgan yuz minglab ovozlar soxta deb bekor qilingan.

Oq uy Afg'oniston boshida kuchli rahbar tursagina va Qo'shma Shtatlar u bilan hamkorlikni yaxshi yo'lga qo'ya olsagina, terrorga qarshi urushda g'alaba qilish mumkin demoqda. Tolibon va al Qoidaga qarshi kampaniya boshlanganida AQSh tomonidan so'zsiz qo'llab-quvvatlangan, biroq so'nggi paytlarda korrupsiya va layoqatsizlikda ayblangan Hamid Karzay qayta saylanadimi yoki mamlakat boshqaruvi sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulla Abdullaga o'tadimi - ayni pallada mana shu savol Qo'shma Shtatlarni qiynamoqda.

Shu paytgacha Karzay 54 foiz ovoz to'plagan edi va saylovlarda jiddiy qonunbuzarliklar qayd etilmasa, g'olib deb e'lon qilinishi mumkin edi. Biroq saylovlar bo'yicha shikoyatlarni taftish qiluvchi mustaqil komissiya 210 uchastkada yuz minglab soxta ovozlar Karzay foydasiga berilgan deb, ularni bekor qilgach, saylovlarning ikkinchi bosqichiga ehtiyoj tug'ildi.

Komissiya bu haqda hali rasman e'lon qilmagan, ammo ba'zi ma'lumotlarga ko'ra Karzay va Abdulla ismlari tushirilgan yangi saylov byulletenlari Kobulga yetkazilgan.

Obama ma'muriyati rahbari Ram Emmanuelning aytishicha, AQSh muammoning yechimini imkon qadar tezroq ko'rishni istaydi, chunki terrorga qarshi kurashda Kobulda samarali hukumat bo'lishi kerak. Muammo ikkinchi bosqich yoki hokimiyatni bo'lishish orqali hal etilishi lozim, deydi Oq uy rasmiysi.

"Afg'oniston hukumati tepasida ishonchga loyiq, Amerika askarlari xavfsizlikni ta'minlaganidan so'ng barqarorlikni ushlab tura oladigan rahbar bo'lishi kerak," deydi Emmanuel.

Senat Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi Jon Kerri AQSh harakatlari zoye ketmasligi lozim deydi.

"Kobulda hokimiyat tepasida kim bo'lishini bilmay turib prezident Obama mamlakatga na qo'shimcha askarlarni yuborishi va na u yerdagi vazifalarimizni ado eta olishimiz mumkin," deydi senator.

Kerri Afg'onistonda bo'lib, AQSh va NATO kuchlari qo'mondoni general Stenli Makkristal bilan uchrashgan. General qo'shimcha kuchlarsiz g'alabaga umid qilmaslik kerak deydi.

XS
SM
MD
LG