Miya rakiga davo izlab... Tadqiqotlar avjida




Yaqinda Amerika eng mashhur senatorlaridan biri Edvard Kennedini miya saratoniga boy berdi. Bu mudhish va bedavo kasallik yana omma diqqatida.

Zamonaviy tibbiyotda uning vujudga kelishi va rivojlanishi xususida turlicha qarashlar mavjud. Lekin olimlarning aytishicha, rak doim ham o’limga yetaklamaydi. Hozirgi kunda uni davolashda lazer va yangi dorilar qo’l kelmoqda.

Rak bu inson organizmida epiteliy to’qimasidan rivojlanadigan xavfli o’smadir. Miya rakining o’gir turi aniqlangach, bemor umri odatda bir yarim yilga ham bormaydi. Sabab, deydi Dyuk Universiteti olimi Jon Sempson, o’sma turli xil hujayralardan iborat.

"Rakka qarshi asosan ximioterapiya va radioaktiv vositalar qo’llaymizu, lekin hech bir davo usuliga berilmaydigan hujayralar bor. Shu jihatdan fan hozircha ojiz",- deydi mutaxassis.

Lekin, deydi shifokorlar, bemor umrini uzaytirishga umid bor.

Amerika olimlari saratonga chidamli genlarni aniqlagan, biroq ko'plab ilmiy tajribalar salbiy natija bilan tugagan.

Miya rakining ko’p jihatlari hamon qorong’u. Qizig'i shundaki, ayrim bemorlar o’ta agressiv turiga yo’liqib ham uzoq umr ko’radi.

Izlanishlardan birida faol xizmat qilayotgan 24 yoshli tadqiqotchi P.J. Lukak miya rakining ashaddiy turiga chalingan.

"O’zim bu xastalikni o’rganuvchi laboratoriyada ishlayman. Kasalim halokatli, o’lim bilan tugashi aniq deb aytishgan menga. Bu haqda o’ylasam, badanimni sovuq ter bosadi",- deydi u.

"Har qalay, men hayotligimda biror davo topishsa ajabmas. Bunga ishonaman",- deydi yosh olim.

Rakni davolash iloji boricha erta boshlansa yaxshi natijaga erishish mumkin. O’sma odatda operatsiya qilib olib tashlanadi. Hozirda optik lazerdan foydalanishga o’tilmoqda.

Bu usulning oddiy operatsiyadan ustun jihati shundaki, lazer rak hujayrasini kuydirib, uning o’sishini to’xtatadi.

Bundan tashqari vaksina ustida ish ketmoqda. Maqsad immunitetni kuchaytirib, rak hujayrasiga qarshi chidamli qilish. Vaksina bemor umrini ikka karra uzaytirishga yordam bermoqda.

Miya raki bilan yashayotgan Rayan Degrand dorini oyiga bir qabul qiladi. Muolajani besh yil oldin boshlagan.

"Oldingizda tuppa-tuzuk o’tirganim, vaksina ish beryapti degani",- deydi u.

Ayni paytda tadqiqotchilar rakdan qutulishning yana bir usulini sinab ko’ryapti. Qon ta’minotini to’xtatib qo’yish orqali o’smani 60 foizgacha kichraytirish mumkin.

Shifokorlar xastalikni o’z vaqtida aniqlagach, yuqorida tilga olingan muolajalarni birga qo’llashni tavsiya etmoqda.


XS
SM
MD
LG