Til - madaniy-ilmiy boylik biroq siyosiy qurol ham


Davlatlar nega o'z tilini himoya qiladi?

Tojikistonda yaqinda ma’qullangan qonunga ko’ra, davlat va nodavlat ishlari bundan buyon tojik tilida yuritiladi.

Qozog’iston parlamenti qaroriga binoan, kinoprokatdagi barcha filmlar 2012 yildan davlat tili – qozoqchaga o’girilishi kerak.

Ukrainada esa hukumat ko’rsatmasi bilan o’qituvchilar maktabda faqat ukrain tilida gaplashadi.

Ba’zilar bu davlat tili maqomini mustahkamlash, vatanparvarlik hissini uyg’otish uchun qilinmoqda desa, boshqalar sobiq Sovet davlatlari rus tiliga achchiq qilmoqda deb e’tiroz bildiradi.

Sobiq ittifoq davlatlarida til sohasida o’tkazilayotgan islohot tilchilar va siyosatchilar diqqatini jalb etmoqda. Jarayon va uning sabab-oqibatlari haqida mulohazalar ko’p.

Moldovan bilan o'zbek yaqinda bir-biri bilan faqat ingliz tilida gaplasha boshlaydi

Qozog’istonlik jurnalist Bilgeldi Gabdullin fikricha:

“Agar 15 yildan keyin moldovanlar o’zbeklar bilan faqat ingliz tilida gaplashsa, hayron qolmayman. Chunki hozir bu xalqlar bir-birini tushunmaydi. Bugun moldovalik ham, o’zbek ham rus tilini bilmaydi”.

Yaqinda Ukraina hukumati ma’qullagan qarorga ko’ra, bundan e’tiboran maktablarda, dars paytida va tanaffuslarda muallim faqat ukrain tilida gapirishi kerak. Rasmiy Kiyev masala faqat ukrain tili va milliy o’zlik bilan bog’liq, deydi.

Tojikistonda shu paytgacha yozuv-chizuv tojik, rus va o’zbek tillarida olib borilgan. Prezident Emomali Rahmon shu oy imzolagan qonunga muvofiq, endi ish yuritish, jumladan, universitetlarda ham faqat tojik tilida bo’lishi kerak.

Bundan farqli Qirg’iziston va Qozog’istonda rus tilining hurmati hamon baland, davlat tili maqomiga ega.

Karimov mehmon qabul qilganida ko'pincha rus tilida gapiradi

Qo'shni O'zbekistonda davlat idoralarida bu til hamon qulay ishchi muloqot vositasi bo'lib qolmoqda. Prezident Islom Karimov xorijdan mehmon qabul qilganida ham aksariyat hollarda rus tilida gapiradi. Yaqinda AQSh Davlat kotibi yordamchisi Robert Bleyk tashrifi chog'ida masalan muloqot ruschada kechgan. Bu tilning nufuzi va ijtimoiy ahamiyati hamon baland deydi Bigeldi Gabdullin.

“Qozog’istonda aholi qanday kanallarni tomosha qolayotganini ko’rsangiz bilasiz. Gazetalarning 70 foizi rus tilida chiqadi. Qozoq tili u bilan teng bellashishi uchun ancha vaqt kerak”,-deydi Gabdullin.

Til va siyosatni ajratish qiyin

Qirg’izistondagi Etnik siyosat instituti direktori Valentin Bogatirev nazarida sobiq ittifoq davlatlaridagi til islohoti siyosat bilan bevosita bog’liq.

“Ukrainada va qaysidir ma’noda O’zbekistondagi ahvol Rossiya bilan aloqalar, o’rtadagi sovuqlik bilan izohlanadi. Ya’ni til siyosatning tutqiniga aylanib qolgan. Qirg’izistonda bunaqa muammo yo’q. Balki davlatlar yaxshi munosabatda ekani uchundir. Odamlar Rossiyaga borib o’qigisi, ishlagisi keladi, shuning uchun Qirg’izistonda ruschani bilishga xohish baland“,- deydi olim.

Valentin Bogatirevning aytishicha, muammo ildizi Rossiyaning imperiyacha siyosatida. Mustaqil davlatlar yuritayotgan til islohoti Kremlning katta og’alarcha siyosatiga javobdir, deydi u.

“Rossiya sobiq Sovet davlatlariga munosabatini o’zgartirishi, hamkorlik, hurmat va sheriklik ruhida gaplashishi zarur. Bu davlatlarga o’z manfaatlari zonasi deb qarashni bas qilishi lozim. Shunda bu mamlakatlar bilan yaxshi ishlay boshlash mumkin. Rus tili va madaniyatiga hurmat hali ham bor bu yerda”,- deydi Bogatirev.

Nazarboyev yig'inlarda nega qozoqcha gapirmaydi?

Qozog’istonlik jurnalist Bigeldi Gabdullin fikricha ham til va siyosatni bir-biridan ajratish qiyin.

“Siyosat hayotimizning barcha jabhalariga kirib borgan. Har bir yurtda millatparvar kishilar, o’z tili va xalqining fidoiysi bo’lgan odamlar bor. Hamma yerda siyosatchilar bor. Siyosat bor joyda esa tortishuv, u yoq-bu yoqqa og’ishlar kuzatiladi. Qozog’istonda qozoq tili sofligi uchun kurashayotgan odamlarni bilaman. Ular hatto prezidentga ham ta’na qilib, nima uchun yig’inlarda qozoq tilida gapirmaysiz, deyishadi. Prezidentimiz qozoqchani biladi, binoyiday gapiradi, do’mbrani qiyib chaladi. Biroq, afsuski, iqtisodiyot, bank tizimi, tibbiyot kabi mavzularda qozoq tilida bemalol gapirish qiyin, chunki atamalar inglizcha. Biz ularni ruschada o’rganganmiz. Rus tilida gapirish qulay”.

"Amerika Ovozi" bilan suhbatda bo’lgan har ikki mutaxassis sobiq ittifoq davlatlarida til va ta’lim muammolari chambarchas bog’liq deydi.

“Bilasizmi, Pushkin, Dostoyevskiy va Lermontovni bilmaysan deb bugungi yoshlarni uyaltirib bo’psiz! Yosh avlod ularni bilmaydi. U biz, Tolstoy, Dostoyevskiy tili – buyuk til deb yurardik”,- deydi Gabdullin.

“Bu davlatlarda ta’lim tizimi avvalgi, sobiq Sovet ittifoqi davrida bo’lgan salobati, mazmundorligini yo’qotib bormoqda. To’g’ri, aniq fanlar, masalan, iqtisodiyot va huquqdan saboq berish o’zgarmagan bo’lishi mumkin. Ammo mintaqa yoshlari hatto o’z milliy adiblarini bilmaydi. Til, madaniyat, ma’rifiy saviya pasaygan”,- deydi Bogatirev.

Tilga munosabat siyosiy xotiralar bilan izohlanadi

Tarixchilar sobiq bosqinchi va mustamlaka davlatlari aloqalari murakkab kechishini e’tirof etadi.

Tilga munosabat ham siyosiy hissiyot, xotiralar bilan bog’liq, xoh u Hindiston-Britaniya, Rossiya-O’zbekiston, Fransiya-Jazoir, Xitoy-uyg’ur aloqalari bo’lsin.

Biroq, deydi ular, til bilish hamisha g’alaba sari yetaklaydi. Xoh mustamlakachi davlat bilan kurash bo'lsin, xoh ish topish bo'lsin, xoh bilim olish.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG