Afg'onistonda saylov uchastkasi rahbarlari yangilanadi


Afg'onistondagi saylovlarni nazorat etayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti 7 noyabrga belgilangan ikkinchi bosqich oldidan 200 ta saylov uchastkasi rahbarlarini yangilamoqchi. BMT tergovchilariga ko'ra, aynan o'sha uchastkalarda keng ko'lamda soxtalashtirish hollari kuzatilgan.

Prezident Barak Obama Afg'oniston rahbari Hamid Karzayga qayta saylovga rozi bo'lganiga telefon orqali minnatdorchilik bildirgan.

Prezident Obamaning aytishicha, Karzay konstitutsiya asosida ish ko'rib to'g'ri qilgan.

"Har ikki nomzod mamlakat manfaatini shaxsiy manfaatlaridan ustun qo'yayotgani tahsinga loyiq," deydi Obama.

"Bu ularning qonun ustuvorligiga sodiqligidan va afg'on xalqi xohish-irodasini hurmat qilishidan dalolat."

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun saylovlarning birinchi bosqichida yo'l qo'yilgan xatolardan saboq olib, ikkinchi bosqichda jarayonning adolatli va erkin bo'lishini ta'minlash kerak deydi. Ammo bu oson bo'lmaydi.

"Prezident Karzay saylov komissiyasi hamda shikoyatlar komissiyasi qarorini inobatga olgani ijobiy hol," deydi BMT rahbari.

Pan Gi Munning aytishicha, yangi saylovlarga atigi 18 kun qolyapti. BMT Afg'onistonni buning uchun zarur ma'muriy, texnik va boshqa turdagi yordam bilan ta'minlashga tayyor.

"Xatolar takrorlanmasligi uchun Afg'oniston hukumati, mahalliy institutlar va xalqaro hamkorlar bilan harakatlarimizni muvofiqlashtiramiz," deydi BMT bosh kotibi.

Karzayning saylovlardagi asosiy raqibi, sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulla Abdulla jarayon adolatli bo'lishiga shubha bildirmoqda.

"Bizning bu borada o'z takliflarimiz, tavsiyalarimiz va shartlarimiz bor," deydi u.

XS
SM
MD
LG