O'zbekistonda ishsizlik, qo'rquv - diniy radikalizmga yetaklovchi omillar


Afg’onistonda Tolibon kuchga to’lar ekan, Pokiston armiyasi chegarada, Janubiy Vaziriston mintaqasida jangarilarga qarshi kurashmoqda.

Matbuot xabariga ko’ra, toliblar Tojikiston, Qirg’iziston va O’zbekistondan panoh qidira boshlagan. Sharhlovchilar nazarida radikalizmga yetaklovchi omillar bartaraf etilmas ekan, vaziyat o’zgarishi qiyin.

18 oktyabrda Tojikistonning Isfara shahri yaqinidagi otishmada to'rt jangari o'ldrilgan. Avvaliga ular O'zbekiston Islom Harakati a`zolari ekani, keyinroq “Bayot” guruhiga aloqadorligi aytildi.

Sharhlovchilar fikriga ko`ra, mintaqada ekstremistik guruhlar faollashgan.

“Pokiston hukumati ham choralarni kuchaytirishga harakat qilayapti. Shunda Afg’onistonda toliblar oyog`i ostida yer yonishi mumkin. Boshqa qochadigan tomon yo`q. Tabiiyki, ular jon talvasasida Qirg’iziston, Tojikiston orqali O`zbekistonga, Qozog`istonga ham o`tishga harakat qiladi. Qirg`izistonda, Tojikistonda bo`layotgan voqealar ham shundan dalolat bermoqda”, - deydi sharhlovchi Fayzulla Is’hoqov.

Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, Pokiston armiyasiga qarshi kurashda toliblar bilan bir safda o’zbek jangarilari ham urushmoqda. O`zbekiston Islom Harakati safidagi o`zbeklar soni bir nech yuz kishi ekani taxmin qilinadi. Yaqinda harakat yetakchisi Tohir Yo’ldosh halok bo’lgani haqida ma’lumot paydo bo’ldi, biroq jangarilar buni rad eti.

Afg’onistondagi harbiy amaliyotlar davrida faoliyati parchalangan bu harakatning o’zbeklar hisobiga qayta oyoqqa turishi sabablari yuzasidan turli munozarali qarashlar mavjud.

“Ular safida tojiklar ham bor, hatto ruslar ham borligi aytiladi. Ularni qanchaligini hozir aniqlash qiyin. Tohir Yo`ldosh borligida ham ular tarqoq edi, hozir endi o`ldirilgan bo`lsa, yanayam tarqoqlashgan. Guruh jinoyatchi odamlarni jalb etib harakat qilyapti, pulini berib turadi. Ijtimoiy vaziyat ham bunga imkoniyat berayapti. Bola chaqasini, o`zini boqolmagan odamlar u tomonga boradi-da! Lekin hech kim ularni oqlayotgani yo’q”, - deydi Fayzulla Is’hoqov.

Huquq himoyachisi Sur’at Ikromovning aytishicha, fuqarolarni radikallik sari yetaklayotgan omil faqat ishsizlik emas. Nomozxonlarga taz’yiqlar kuchaygan, ta`qiblardan bezgan fuqarolar mamlakatdan chiqib ketmoqda.

“Odamlar qo’rqqanidan ham chiqib ketayapti, masalan, yaqinlari, qarindoshlari qamalgan. Ular chiqib ketgandan keyin organlar qidiruv e`lon qiladi. Uyiga borishadi, yaqinlari “ish qidirib, Rossiya, Ukraina, Qozog`iston yoki boshqa bir davlatga ketgan”, deydi. Keyin ularga qidiruv e`lon qilishadi va jinoyatchiligini oldindan e`lon qilishadi. Shu bilan qidiruvga beriladi. Shunaqa qilib ayrimlar o`zini e`tiqodi bilan ham qo`shilishi mumkin, jangarilar esa borgan sari ko’payib bormoqda”, - deydi Sur’at Ikromov.

Nodavlat tashkilotlar ekstremizm ildizini hukumat siyosatida ko’rishadi.

“Terrorizm bo’yicha qancha ishlarni ko’rdik, o’qidik, birortasida isboti yo`q, lekin odamni terrorchi deb e`lon qilib, uzoq yillarga qamab yuborgan. Davlat tomonidan uyushtirilgan bir narsa ketayapti, ya’ni isbotsiz qamashning o`zi jinoyat, terror”, - deydi Sur’at Ikromov.

Mahalliy faollar so`nggi paytda mamlakatda kuzatilgan otishma va zo`ravonliklarni diniy e`tiqod bo`yicha mavjud taz’yiqlarning natijasi sifatida ham baholaydi.

XS
SM
MD
LG