Urush asoratlari va harbiylar ahvolini yoritayotgan jurnalist


2006 yilda AQShning ko’zga ko’ringan jurnalisti, ABC telekanali muxbiri Bob Vudruff (Bob Woodruff) Iroqda qattiq jarohatlangan edi. Miyasi shu qadar yaralangan ediki, uning tirik qolishi shubha ostida edi.

Biroq Bob Vudruf azobga dosh bera oldi. Uzoq muolaja va terapiyalar samara berib, bugun jurnalist yana ishga qaytgan. Hatto Iroqqa borib, vaziyatni yoritishda davom etmoqda.

Lekin bugun uning yana bir hayotiy maqsadi bor: jang maydonida jarohatlangan insonlarga ko’maklashish.



Jurnalist sifatida Bob Vudruff Iroqni uzoq vaqt kezgan. Jang maydonida, o’qlar ostida xabar yig’ish uning kasbi. Ehtiyotkor, sergak. Lekin 2006 yilning yanvarida xavfdan qocha olmadi.

Reportaj berishga tayyorlanar ekan, uni olib ketayotgan tank bombaga uchraydi. Bir zumda hammayoq qon.

“Bomba mendan sal narida portlab, boshimning bir chetini o’yib ketdi. Bo’ynim qon bilan belandi. Oldimdagi tarjimonim dahshatda qo’li bilan qonni to’xtatishga harakat qildi. Bunga muvaffaq bo’ldi ham. Aks holda o’lgan bo’lardim”,- deydi jurnalist.

Jarrohlar Bob Vudruffning bosh suyagining bir qismini olib tashlashga majbur bo’ldi. Uning miyasi ishib ketgan edi. Jarohatlari shu qadar og’ir ekan, jurnalistni bir oydan ortiq vaqt hushsiz holatda saqlashdi.

Bugun Bob Vudruff ishiga qaytgan, ABC studiyalariga. Maxsus ko’rsatuvlar tayyorlaydi. Asosiy e’tibori urushdan yaralanib qaytgan askarlar va mutaxassislarda. Ularning dardini tushunadi.

“Urush qoldirgan yarani tuzatish oson emas. Na ruhan va na jismonan. Oyog’i, qo’lidan ayrilgan insonlarni qanday yupatasiz? Ularning hayotdan umidi qolganmi? Ular yana yura oladimi, qimirlay oladimi? Masala bag’oyat murakkab. Jamiyat bu odamlarni asrab-avaylashi, hurmatini joyiga qo’yishi shart. Ular axir qay yurtlarda bo’lmadi, qay vaziyatlarni ko’rmadi? Qiyin, juda qiyin",- deydi jurnalist.

Urush faxriylari ko’p hollarda zarur muolajalarni olishga qiynaladi. Bob Vudruff rafiqasi yordamida yangi bir jamg’armaga asos soldi. Harbiylar va ularning oilalariga yordam beruvchi tashkilot.

Li Vudruffning aytishicha bugungacha 2 million dollar to’plandi.

“Biz har bir amerikalikdan bir dollar berishni so’rayapmiz. Shu kungacha Iroq va Afg’onistonda 1 million 600 ming harbiy xizmat qilib qaytdi. Ularga yordam beramiz”.

Jarohatlar har doim ham bitavermaydi. Ba’zan odam azob bilan yashashga majbur.

“Omadimiz bor ekan, erim sog’ayib ketgandek. Majruh harbiylar va mutaxassislar va ularning yaqinlari bilan gaplashganimda ularni “mana Bob yaxshi, siz ham bu kunga yetasiz” deb ishontira olmayman. Chunki ayrimlar Bobdan-da og’ir jarohatlangan. Tirik, ammo butun umrga nogiron bo’lib qolgan. Ular hech qachon yura olmasligi, ko’ra olmasligi, gapira olmasligi mumkin”,- deydi Li Vudruff.

Bob Vudruff uyida oilasi bilan nonushta qilar ekan, har bir lahza g’animat ekanini yaxshi biladi. Egizak qizlarini boshqa ko’ra olmayman deb o’ylagan edi. Umidli dunyo, deydi u, oldinda nima kutayotganini hech kim bilmaydi. Eng muhimi, o’zaro mehr-oqibat va yaxshilik.


Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG