Afg'oniston bo'yicha yangi strategiya saylovdan so'ng ma'lum bo'ladi


Prezident Barak Obamaning aytishicha, Afg'oniston bo'yicha yangi strategiya 7 noyabrga belgilangan saylovlardan oldin qabul qilinadi, biroq prezident qarori saylovlardan so'ng ma'lum etiladi.

AQSh prezidentiga ko'ra Afg'onistonda vaziyat hamon mavhum.

"Strategiya bo'yicha bir qarorga saylovlarning ikkinchi bosqichidan oldin kelinadi, ammo hali-beri e'lon qilinmaydi."

Prezident so'nggi paytda harbiy va siyosiy maslahatchilari bilan bu borada bir necha majlis o'tkazgan. Uning tanqidchilariga ko'ra, Afg'onistonga qo'shimcha kuchlar tezroq yuborilmas ekan, Amerikaning talofatlari ortib boraveradi.

Prezident Obama o'z navbatida strategiya puxta o'ylangan bo'lishi kerak deydi.

"Resurslarni strategiyadan oldin ishga solish to'g'ri emas," deydi Obama.

Kecha prezident Afg'onistonga safar qilgan senator Jon Kerridan u yerdagi vaziyat bo'yicha hisobot tinglagan. Qonunchining aytishicha, Barak Obama Afg'onistonda saylov natijalari ayon bo'lmasdan turib qaror chiqarmagani ma'qul.

"Ikki hafta o'tsin, so'ng bir qarorga kelarmiz. Kim bilan ishlashimizni aniq bilishimiz lozim," deydi Senat Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi.

Senator Kerri Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay bilan suhbatda uning raqibi Abdulla Abdulla bilan koalitsion hukumat tuzish masalasi ko'tarilmaganini aytadi.

XS
SM
MD
LG