AQSh ittifoqchilarni yangi rejadan boxabar qilmoqda


AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden Polshada bo'lib, Obama ma'muriyati o'tgan oy e'lon qilgan yangi mudofaa tizimini o'rnatish haqida gaplashgan. Baydenning Bosh vazir Donald Tuskka aytishicha, Polsha ham bu ishga jalb etiladi.

Barak Obama Oq uyga kelganidan so'ng Jorj Bush prezidentligi davridagi mudofaa tizimidan voz kechilib, uning o'rniga yangi reja ishlab chiqilgan. Vitse-prezident Jo Baydenning aytishicha, yangi reja ham Polshani himoya qilishga qodir.

Unga ko'ra, Shimoliy va O'rta Yer dengizlaridagi AQSh harbiy kemalariga anti-ballistik raketalar o'rnatiladi. Ular Eron raketalarini urib tushirishga qaratilgan.

Polsha Bosh vaziri Donald Tusk taklifdan mamnun ekanini aytgan.

Jo Baydenning aytishicha, yangi mudofaa tizimi Yevropani himoya qilishga qaratilgan bo'lib, u Bush davrida taklif etilgan sistemadan ham samaraliroq.

Prezident Obama o'tgan oy o'zgarishlarni ma'lum qilganida xabar Polshada salbiy qarshilangan edi. Amerika Rossiya bilan aloqalarni yaxshilash maqsadida mintaqadan voz kechmoqda degan xavotirlar yangragan. Ma'lumki, Rossiya oldingi mudofaa tizimiga qarshi edi. Polsha matbuoti "AQSh Varshavaga xiyonat qildi", "Moskva g'alaba qozondi" qabilida bong urgan edi.

Ammo Bayden AQSh va NATO mintaqani himoya qilish ahdida qat'iy, deya Polshani tinchlantirishga uringan.

"NATO Nizomining 5-bandiga muvofiq, bir a'zo davlatga qilingan hujum barcha a'zo davlatlarga qarshi hujumga teng. Prezident Obama va men bu tamoyildan qaytmaymiz," deydi Bayden.

Ba'zi polshaliklar nazarida mamlakatga hech qanday tizim kerak emas.

"Polsha himoyaga muhtoj emas, chunki hech kim unga tahdid solayotgani yo'q," deydi ba'zi polyaklar.

AQSh vitse prezidenti bugun Ruminiyada ham bo'lib, yangi mudofaa tizimini prezident Troyan Bashesku bilan muhokama qilgan. Jo Bayden ertaga Chexiyaga safar qiladi.

XS
SM
MD
LG