Iqtisodiy krizis AQShda ko'chmas mulk bozoriga ham ta'sir qilgan


AQSh ko'chmas mulk bozoridagi inqiroz uysizlar sonini ko'paytirib, usiz ham tig'iz bo'lgan ijara bozorini yanada gavjumlashtirdi. Shu bilan birga uy narxlarining tushganidan mamnun ijarachilarning ba'zilari iqtisodiyot tiklanmasidan oldin uyga egalik qilishga shoshilmoqda.

AQSh Uy-joy xo'jaligi vazirligiga ko'ra, moliyaviy krizis natijasida millionlab odamlar uyidan ayrildi.

Vazir muovini Rafael Bostikning Amerika Ovoziga aytishicha, ilgari aholining 70 foizi uy egasi hisoblanardi, tanazzul oqibatida 4 foizi uyidan ayrildi.

"Ijarachilar miqdori esa aksincha 30 foizdan 34 foizga ko'tarildi," deydi u.

Amerika bo'ylab kam daromadli oilalarning uy bilan ta'minlanishi uchun kurashuvchi nodavlat tashkilot mutaxassisi Danilo Pelletiyerga ko'ra, ijarachilar soni ko'paygani bilan taklif talabga mos emas. Masalan, aholi zich joylashgan Nyu-York, Los-Anjeles va San-Fransisko kabi yirik va qimmat shaharlarda odam ko'p, ijaraga turishga esa joy kam.

"AQShda uy egalari sonini oshirishga ham mahalliy, ham davlat miqyosida katta urg'u berilib, keragidan ko'p uylar qurildi. Natijada kam daromadli oilalar uchun ijara bozori qisqardi. Bu toifadagi odamlar uchun 3 millionga yaqin uyga ehtiyoj bor," deydi ekspert.

Danilo Pelletiyerning aytishicha, sotuv uchun qurilgan uylarni ijaraga moslab bo'lmaydi, chunki ularning aksariyati baland qavatli imoratlar emas, bir oilaga mo'ljallangan alohida uylar yoki dabdabali kvartiralardir.

"Bunday uylar ijaraga moslashtirilsa ham ularni qurishga ketgan xarajatlarni qoplash uchun ijara haqini haddan tashqari ko'tarish kerak bo'ladi. Kam daromadli oilalarga bunday uylar qimmatga tushadi," deydi u.

Kredit tizimini suiste'mol qilish oqibatida vujudga kelgan krizisda uyini yo'qotgan odamlarning ba'zilari qarindoshlarinikiga ko'chgan bo'lsa, boshqalar ko'chmas mulk arzonroq shtatlarga ketishga majbur bo'ldi. Yana bir qismi esa ijarachilar safiga qo'shildi, biroq ularning hammasi ham ijaraga tura olmaydi.

Vashington yaqinidagi Aleksandriya shahrida ijaraga beriladigan majmua ma'muri Yozgul Odekova kredit ko'rsatkichi yomon bo'lganlarga rad javobi beriladi deydi.

Kredit ko'rsatkichi - bu har bir kishi yoki firmaning o'tmishda qarz olish va uni uzish tarixi bo'lib, iqtisodiy tanazzul oqibatida ba'zilar uy uchun bankdan olingan kreditni ortiq to'lay olmay, kredit ko'rsatkichi tushib ketdi.

Uy-joy xo'jaligi vaziri muovini Rafael Bostikning aytishicha, hukumat uy-joy masalasida muhtojlarga yordam berishga harakat qilyapti.

"Daromadning ko'pi bilan 30 foizi uy-joyga sarflanishi kerak, ammo ba'zi hollarda odamlar topayotgan pulining yarmini boshpanaga sarflamoqda. Bundaylar kam daromadli oilalarning 5 foizini tashkil qiladi. Shu sabab hukumat maxsus jamg'arma tashkil qilib, ular uchun uy qurib bermoqda yoki ijara uchun yordam puli ajratmoqda," deydi rasmiy.

AQShda ishsizlik sur'ati o'sib borar va kredit tarixini tartibga solish uchun bir necha yil talab qilinar ekan, uyini yo'qotgan odamlar qachon yana uy egasiga aylanishi noma'lum. Mutaxassislarga ko'ra, bunga bir necha yil ketishi mumkin.


XS
SM
MD
LG