Breaking News

O'zbekistonga qo'yilgan sanksiyalar butunlay bekor qilindi


Andijon voqealaridan so’ng O’zbekistonga qator sanksiyalar qo’ygan Yevropa Ittifoqi qurol-aslaha sotishni man qilishga doir cheklovni bekor qildi.

Mahalliy faollar nazarida mamlakatda inson huquqlari bilan bog'liq vaziyat hamon xavotirga molik biroq sanksiyalar samara berdi deyish qiyin.

Yevropa Ittifoqi huquq muammolarini hal qilish bo'yicha ta’sir vositasidan voz kechar ekan, deya afsuslanadi ayrim o'zbeklar, masala yana qachon muhokamaga chiqishi qorong’u.

Yevropa diplomatlari fikricha esa rasmiy Toshkent so'nggi paytda inson huquqlari masalasida ijobiy islohotlar o'tkazgan.

Sanksiyalarni olib tashlashdan maqsad yangi boshlangan dialogni jadallashtirish. Hukumatni inson huquqlari va qonun ustuvorligi ta'minlash uchun rag'batlantirish, unga bu borada yordam berish, deydi ittifoq rasmiylari.

Faollar ta'biricha esa sanksiyalar bekor qilinishi bilan inson huquqlari bo`yicha muloqot ham to'xtaydi.

Bir muncha avval xorijdagi va mamlakatdagi bir necha nodavlat tashkilotlari Yevropa Ittifoqiga murojaat yo'llab, inson huquqlarida rivojlanish bo'lishi uchun sanksiyalarni saqlab qolishga chaqirgan edi.

Vijdon tutqinlarini ozoq qilish qo'mitasi rahbari Bahodir Nomozovning aytishicha, rasmiy Toshkent huquq bo'yicha talablarni inobatsiz qoldiraveradi.

“Qandaydir keskin, qattiq bir pozitsiya bo`lishi kerak. Biz uni, buni qildik desa, ha yaxshi deyish kerak emas. Bolalar mehnati bo`yicha konvensiyaga imzo chekkan, lekin bu yil ham avvalgidek bolalarni hammasi dalada. Konstitutsiyani o`zi nihoyatda demokratik yozilgan, lekin unga amal qilinmaydi. Ta’siri bo’lmaydigan sanksiyalar bekor qilingani ham ma’qul”, - deydi Nomozov.

Bir oz avval Bryusselda O'zbekiston va Yevropa Ittifoqi vakillari uchrashganida, Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov huquq mavzusini ichki masala deb atab, Yevropada O’zbekistonni tanqid qilish vakolati yo’q deya bayon qilgan edi.

Tahlilchilar shunday xulosa qilmoqdaki, sanksiyalarning bekor qilinishi Yevropa Ittifoqi va O’zbekiston munosabatlarining keyingi bosqichi inson huquqlariga bog’liq bo’lmaydi.

“Birinchidan, qurol embargosining bekor qilinishi ahamiyatga ega emas, chunki G'arb O'zbekistonga qurol sotmaydi. Ikkinchidan, O'zbekiston va G'arb o'rtasidagi munosabatlar tiklanishi uzoqqa bormaydi. Bir aniq o'zgarish bo'lishiga men shaxsan ishonmayman. O'zbekiston avtoritar davlat, shunday ekan, demokratik davlatlar bilan munosabat uzoqqa cho’zilmaydi”, - deydi Demokratik Tashabbuslar Markazi rahbari Iskandar Xudoyberganov.

Andijon fojealarining qonli bostirilishini mustaqil tergov qilish talabi bilan O’zbekistonga joriy etilgan sanksiyalar Yevropa Ittifoqining nufuzli a’zosi Germaniya yetakchiligida muntazam tarzda yumshatib kelindi.

“Sanksiyalar amalda bo'lgan paytda fuqarolik jamiyati vakillariga nisbatan munosabat yanada yomonlashdi. Hukumat bu sanksiyalarga umuman e`tibor bermadi. Qabul qilingan islohotlar sanksiyalar natijasi bo'ldi deb hisoblamayman. O’zbekiston ham boshqa davlatlarga qarab xalqaro hujjatlarga imzo chekishi aniq edi. Bundan buyog'iga Yevropa Ittifoqi ham, AQSh ham O'zbekistondagi manfaatlaridan kelib chiqib har bir holat bo'yicha alohida ish tutishni davom ettirsa kerak”, - deydi siyosiy sharhlovchi Abdusalom Ergashev.

Yevropa Ittifoqini sanksiyalardan voz kechishga undagan sabablar qatorida Yevropaning Markaziy Osiyodagi energetik zaxiralarga umid bog'lagani, ularni Rossiyani chetlab o'tgan holda sotib olish niyati, shuningdek, Afg'onistondagi harbiy harakatlarda O'zbekiston bilan hamkorlik qilish ehtiyoji tilga olinadi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG