Afg'on afyuni bugun dunyoni o'z domiga tortmoqda


Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobotiga ko’ra, Afg’onistonda afyun savdosi butun dunyoni o’z domiga tortmoqda.

Jahonda qoradori savdosi 65 milliard dollarni tashkil etib, uning katta qismi afg’on afyunidir.

Qoradori Markaziy Osiyoda uyushgan jinoyatchilik va jangarilar faoliyatini moylamoqda. BMT dunyo ahlini bu mummoga birgalikda yechim izlashga chaqirmoqda.

Afg’oniston – dunyoning eng kambag’al davlatlaridan biri, biroq bu o’lkada bir necha milliard dollarlik sanoat qaror topgan. Ko’knor eksporti bu mamlakatda daromadbop biznes. Bu esa butun dunyoda aks-sado bermoqda, deydi BMT ma’murlari.

BMT Qoradori va Jinoyat bo’limi rahbari Antonio Maria Kosta “Amerika Ovozi” bilan suhbatda zaif boshqaruv, korrupsiya va uquvsiz siyosat afg’on afyunini sug’orayotgan omillar, deydi. Ko’knor savdosi Markaziy Osiyodan Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharqqa cho’zilgan. Afyun eksportining bor-yo’g’i 20 foizi qo’lga tushadi, xolos.

Afg’oniston-Pokiston chegarasi, bepoyon, egasiz yerlar bu savdoni yanada yengillashtiradi. Nafaqat qoradori, balki qurol-aslaha ham erkin sotiladi, deydi Antonia Maria Kosta. Markaziy Osiyoda uyushgan jinoyatchilik va ekstremist guruhlar uchun bu ayni muddao.

Bu savdodan, deydi BMT mulozimi, nafaqat jangari, balki hukumatlar, siyosatchilar ham mo’maygina daromad qilmoqda.

Oxirgi ikki yilda mamlakatda qoradori ishlab chiqarish bir oz kamaygan. Chunki ko’knor bozorida mahsulot ko’p.

Maria Kostaning aytishicha, hukumat ko’knor dalalarini yo’q qilish bilan biror natijaga erisha olmagan, chunki dehqon hamon shundan tirikchilik qilmoqda. Xalqning turmushini yaxshilash, dehqonga yordam berish kerak, afyunga qarshi kurashning eng ma’qul yo’li shu, deydi u.

XS
SM
MD
LG