BMT inspektorlari Erondagi yangi zavodni tekshiradi


BMT atom energiyasi agentligi inspektorlari Eronga uch kunlik safarini boshlamoqda. Delegatsiya Qum shahri yaqinida qurilayotgan atom zavodini ko’zdan kechirib, inshootdan asl maqsad nima ekani xususida hisobot tayyorlaydi. Eron mamlakatda yangi zavod qurayotganini yaqinda tan olgan.

Eronga kecha borgan BMT delegatsiyasi Fordo yadro inshooti faoliyati bilan tanishadi. Rasmiy Tehron bu zavod haqida o’tgan oy birinchi bor xabar bergan edi.

Xalqaro hamjamiyat mamlakatda bu kabi zavodlar ko’payib borayotganidan, yadroviy izlanishlar ochiq-oydin olib borilmayotganidan xavotirda. Eron matbuoti xabariga ko’ra, BMT inspektorlari hali qurib bitkazilmagan inshootni uch kun davomida o’rganadi.

Eron Atom energiyasi tashkiloti rahbari Ali Akbar Solihiyning aytishicha, Tehron BMT xodimlarini zavodga taklif qilib, asl maqsadi xolis ekanini, energiya ishlab chiqarishdan boshqa niyati yo’qligini isbotlamoqda.

Eronning asosiy atom inshooti – Natanz zavodi hamon xizmatda, vaholanki BMT Xavfsizlik Kengashi buni taqiqlab sanksiya qo’ygan edi.

BMT Atom energiyasi agentligi Muhammad al Barodiy Fordo zavodi haqida oldindan ogoh qilmagani uchun Eronni tanqid qilmoqda. Xalqaro hamjamiyat xavotiri shuki, Tehron yangi, zamonaviy sentrifugalar o’rnatib, ko’proq va tezroq uran boyita boshlashi mumkin. AQSh va G’arb rasmiylari “Eronning asl maqsadlari mavhum, ommaviy qirg’in quroli ustida ishlayotgani bo’lishi hech gapmas”, demoqda.

Tehron shu hafta uranni g’arbda, xususan, Rossiyada boyitish borasida qilingan taklifga javob berishi kerak edi. Ammo Eron masalani kelasi haftaga qoldirgan.

Yadro muammosi bo’yicha muzokarachi Ali Asqar Sultoniya nazarida xalqaro hamjamiyat dastlab Eron olg’a surgan taklifni ko’rib chiqishi kerak. AQSh rasmiylari yana bir necha kun kutishga rozi, biroq Obama ma’mruiyatining sabr-kosasi to’lib borar ekan, Erondan aniq qadamlar kutmoqda.

XS
SM
MD
LG