Karzay va Abdulla koalitsion hukumatga rozi emas


Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay va uning saylovlardagi raqibi Abdulla Abdulla hokimiyatni bo'lishishga va koalitsion hukumat tuzishga qarshi. Ularning aytishicha, mamlakat siyosiy kelajagi saylovlar orqali hal etilishi kerak. Biroq, deya xavotir bildiradi Abdulla, buning uchun jarayon adolatli va halol o'tishi zarur.

Uning aytishicha, saylovlarda birinchi bosqichda kuzatilgan soxtalashtirish hollari takrorlanmasligi uchun hozirdanoq choralar ko'rish kerak.

"Men buning uchun bir qator qoidalar ishlab chiqib, xalqaro hamjamiyatga taqdim etganman. Ba'zi shartlar bajarilmas va saylov tizimi isloh qilinmas ekan, jarayon ochiq va ishonchli bo'la olmaydi. Busiz xalqni ham saylovga da'vat etish qiyin," deydi Abdulla.

Sobiq tashqi ishlar vaziriga ko'ra, uning ba'zi tarafdorlari yangi saylovlarni boykot qilishga chaqirmoqda, biroq Abdulla Abdulla bunga rozi bo'lmagan.

Barak Obama ma'muriyati Afg'oniston bo'yicha strategiyani qayta ko'rib chiqayotgan bir paytda Afg'onistonda hokimiyat tepasida xalq ishonchi va hurmatiga sazovor hukumatning bo'lishi AQSh uchun juda muhim.

Saylov natijalariga qarab prezident qo'shinlar sonini oshirishga doir qarorini chiqarishi aytilmoqda.

Respublikachi senator Jon Kaylning aytishicha, AQSh yetarli miqdorda askarlarga ega bo'lsa, afg'on xalqini himoya qilish va afg'on hukumatiga bosim o'tkazish osonroq bo'ladi.

Demokrat qonunchilar o'zgacha fikrda.

Senat Qurolli kuchlar qo'mitasi raisi Karl Levin nazarida Afg'onistonda AQSh qo'shinlarini emas, afg'on armiyasini kuchaytirish kerak.

"Uni yaxshi ta'minlab, harbiy salohiyatini oshirishda yordam berish lozim," deydi senator.

Prezident Obama Afg'onistondagi vaziyatni harbiy va siyosiy maslahatchilari bilan bugun ham muhokama qiladi.

XS
SM
MD
LG