Breaking News

AQSh Xitoyni izchil harbiy aloqa yuritishga chaqirmoqda


Pentagonda Xitoy harbiy delegatsiyasini qabul qilgan AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts Xitoyni ikki tomonlama harbiy aloqalarda izchil siyosat yuritishga chaqirib, mamlakatlar har safar munozarali masalalarga duch kelganda harbiy aloqalarni to'xtatishni bas qilishni so'ragan.

Xitoy Markaziy harbiy komissiyasi raisi o'rinbosari general Suy Sayxou boshchiligidagi delegatsiya harbiy aloqalar istiqbollarini muhokama etgan.

Pentagon matbuot kotibi Jeff Morelning aytishicha, aloqalarni har safar yangidan boshlashga to'g'ri kelyapti.

So'nggi yillarda Xitoy harbiy hamkorlikdan bir necha bor chiqqan. Masalan AQShning Tayvanga qurol sotishi yoki AQSh harbiy-dengiz kuchlarining Xitoy iqtisodiy zonasiga kirganiga norozilik ramzi sifatida.

"Kelajakda bunday vaziyatlarga hali ko'p duch kelamiz, ammo vazir Geyts nazarida bu hol harbiy aloqalarimizdagi muvaffaqiyatlarni puchga chiqarishiga yo'l qo'ymaslik kerak," deydi Morel.

Uning aytishicha, ikki davlat o'rtasida munozarali masalalar aksincha AQSh-Xitoy harbiy hamkorligini kuchaytirishni taqozo etadi.

Xitoy generali shu hafta Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazida nutq so'zlab, ikki tomonlama munosabatlarni juda muhim deb atagan.

"Aloqalarning past-balandiga qaramay Xitoy ularni davom ettirishga harakat qiladi," deydi general Suy.

Uning aytishicha, so'nggi yillarda Xitoy byudjetida harbiy xarajatlarning ko'payishi mudofaa ehtiyojlari bilan bog'liq. Shunga qaramay Xitoy bu borada AQShdan ancha orqada, deydi general.

Pentagondagi uchrashuv chog'ida tomonlar ikki davlat harbiy-dengiz va havo kuchlari ishtirokida mashg'ulotlar o'tkazishga hamda dekabr oyida ikki tomonlama konsultatsiyalarni jonlantirishga kelishib olgan.

Jeff Morrelning aytishicha, vazir Geyts kelasi yil boshida, prezident Obama esa kelasi oy Xitoyga safar qiladi.

XS
SM
MD
LG