Afg'on afyuni - jinoyatchi va jangarilar moliya manbai




Afg'on afyuni umumbashariy ofat sifatida talqin qilinadi. Bu borada qancha yillardan beri bong urilmasin muammo haligacha bartaraf etilmagan. Afg'onistonda yetishtirilgan afyun va undan tayyorlangan geroin yiliga 65 milliard dollar daromad keltiradi. Uning huzurini esa uyushgan jinoiy guruhlar va jangarilar ko'radi.

Mamlakatda 2001 yildan beri Tolibon va al Qoidaga qarshi urush olib borayotgan Qo'shma Shtatlar nazarida qoradori balosiga yechim topmay turib, mintaqada tinchlik haqida gapirish qiyin. Chunki, deyiladi BMTning Afg'onistonda afyun bo'yicha chop etilgan yangi hisobotida, afg'on afyuni savdosidan tushgan pul jangarilar faoliyatini moliyalashga sarflanadi.

Afg'oniston dunyoning eng qashshoq davlatlaridan bo'lsa-da, ko'p milliard dollarlik qoradori sanoati rivojlangan o'lka hisoblanadi. Buning hisobiga Afg'onistonda ko'plar mo'maygina pul qilmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti nazarida noqonuniy biznesning bu turi ketidan jahon turli muammolarga yuz tutmoqda. Bular - jinoyatchilik, kasallik va jangarilar.

BMTning narkotiklar va jinoyatchilik bo'yicha idorasi rahbari Antonio Mariya Kostaning aytishicha, layoqatsizlik, korrupsiya va qonunlar ijrosining oqsashi sabab afg'on afyuni Markaziy va Janubiy Osiyo tog'lari orqali Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharqdagi boy davlatlarga kirib bormoqda. Chegara va bojxona xizmati qoradorining atigi 20 foizini to'sishga muvaffaq bo'ladi xolos.

Bepoyon Afg'oniston-Pokiston chegarasi deyarli nazorat qilinmaydi. Hudud nafaqat narkotik savdogarlari, balki qurol va pul kontrabandasi makoniga ham aylangan.

Afg'on geroinining savdosidan 65 milliard dollar daromad ko'riladi va pulning bir qismi uyushgan jinoyatchilik hamda Markaziy va Janubiy Osiyoda ekstremistik guruhlar faoliyatini moliyalash uchun sarflanadi.

"Narkotiklardan jangarilar ham, davlat xizmatchilari ham birday foyda ko'radi," deydi Kosta.

Afg'onistonda so'nggi ikki yil ichida afyun hosili 35-40 foizga qisqargan bo'lsa-da, BMT rasmiysining aytishicha bu 2005-2007 yillarda jahon bo'ylab qoradori ta'minotining haddan ziyod ko'p bo'lgani bilan bog'liq.

Afg'oniston hukumati afyun dalalariga o't qo'yib ham muammoni hal eta olmadi, chunki uning hisobiga mo'maygina pul ishlayotgan dehqonlar tavakkal qilishni afzal ko'rdi.

"Bu usul ish bermadi. Dalalarni yoqish uchun bir dunyo pul sarflandi," deydi BMT vakili.

Afg'onistonda yetishtiriladigan afyundan ko'p hollarda geroin tayyorlanadi, uni esa jahon bo'ylab 16 millionga yaqin giyohvand iste'mol qiladi. BMT hisobicha afg'on qoradorisi har yili 100 ming kishining yostig'ini quritadi.

Antonio Mariya Kosta xalqaro hamjamiyatni afyun savdosiga qarshi kurashga chaqirib, sotuvchini xaridorga bog'lovchi zanjirni uzish, afgon dehqonlariga qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirishda yordam berish kerak deydi.

"Taraqqiyotga diqqat qaratilsa, afyun ekiniga qiziqish kamayadi," deydi Kosta.

BMT hisobotiga ko'ra, narkotiklarga qarshi kurash bilan shug'ullanuvchi idoralar hamkorlikni kuchaytirishi, hukumatlar esa tibbiy vositalar yordamida insonning qoradoriga tobeligini kamaytirishi lozim.

XS
SM
MD
LG