Qirg'izistonliklar: ko'proq yosh kadrlar, ayollar boshqaruvga kelsin


Qirg’izistonda prezident Qurmanbek Bakiyev davlat boshqaruv tizimini isloh qilishga harakat qilmoqda. So’nggi siyosiy o’zgarishlar mamlakat janubida yashovchi o’zbek aholi orasida qanday talqin qilinadi?

Qurmanbek Bakiyev prezident kengashi (prezident instituti) ni tuzmoqda. Unga yetti xizmat, jumladan, tashqi ishlar vazirligi va davlat xavfsizlik xizmati kiradi. Hukumat tarkibida 14 vazirlik qolgan.

Rasmiy Bishkek ushbu islohot boshqaruv tizimini o’zgartirib, qisqa muddatda jadal iqtisodiy o’sishga olib kelishiga umid bog’laydi. Mazkur reforma jiddiy siyosiy o’zgarishmi yoki odatdagidek, o’rin almashuvmi deb so’raydi tahlilchilar.

O’shlik siyosatshunos, Qirg’iz-o’zbek universiteti professori Arap Anarbayev so’zlariga ko’ra, katta yoki kichkina o’zgarishlar bo’lib turishi kerak. Uning aytishicha, zikr qilinayotgan o’zgarishlar Bakiyev saylov arafasida bergan vadalarning bir qismi.

“O’zgarishlar bo’lmagan davlatlarda demokratiya ham rivojlanmaydi, davlat tizimlaridagi ma’murlarning rahbarlarlik fazilatlari ham avj olmaydi. Ammo vazirliklarning nomlarini o’zgartirish bilan biron natijaga erishish qiyin”, - deydi Arap Anarbayev.

Qirg’iz parlamentining sobiq deputati, hozirda nodavlat tashkilot rahbari Imonberdi Jalilov fikricha, mamlakatdagi islohotlar demokratik nuqtai-nazardan qilinayotgani yo’q, balki oddiy o’zgarishning bir ko’rinishi.

“Chunki jiddiy o’zgarishlar o’tkazish uchun unga demokratik atrof kerak. Qo’shni davlatlarda bunday sharoit yoq. Ammo ushbu reformalarning oddiylikdan o’zgina farqi ham bor. Ayrim siyosatshunoslar aytishicha, bu yangi siyosiy-iqtisodiy rivojlanishning, strategik o’sishning falsafasi tarzida ko’rinadi”, - deydi Jalilov.

Ayni paytda tahlilchilar aksar vazirliklar rahbarlari o’z o’rinlarida qolganini aytishadi. “Eski hammom, eski tos” deydi ular. Siyosatshunos, professor Arap Anarbayev deydiki, zikr qilingan islohot to’la emas, balki chala.

“Asosiy rahbar shahslar o’zgarmagan. Korrupsiyaga aralashmagan yosh kadrlar, ayollar ko’proq davlat boshqaruviga kelishlarini istardim”, -deydi professor Anarbayev.

Mahalliy o’z-o’zini boshqaruv tizimi xodimi Bolot Mazayaev islohotning ikkinchi bosqichiga umid bog’laydi. Kelasi yil amalga oshirilishi kutilayotgan ushbu bosqich boshqaruvning quyi tizimlarini silkitishi kutiladi.

“Reformalar o’z samarasini berishi kerak. Lekin o’zgarishlar to’xtab qolmay davom etishi lozim. Islohotning ikkinchi bosqichi qachon boshlanishi noma’lum. Orada tanaffussiz davom etsa, maqsadga muvofiq bo’lar edi. Chunki mulozimlarning yaxshi narsani cho’zib yuborib, oxir-oqibat yo’qqa chiqarish odati hammaga ma’lum”, - deydi suhbatdosh.

Kuzatuvchilar nazarida kichkina Qirg’iziston uchun davlat boshqaruv tizimlaridagi xodimlar soni judayam ko’p. Rasmiylar taxminiga ko’ra, mazkur reforma jarayonida mulozimlar soni 40% qisqaradi. Natijada davlat xazinasi 10 million AQSh dollaridan ortiq mablag tejaydi. “Yuqorida esa hozircha boshqaruv tizimlari soni, aksincha, ko’paygan – yangi prezident kengashining o’zi 7 xizmatdan iborat”, deyishadi kuzatuvchilar.

Davlat tizimi islohoti Qirg’izistonda anchadan buyon kutilgan. 2005 yilgi revolyutsiya tashkilotchilari ham o’sha shiorlar ostida amalga kelgan. Ovoza qilingan va’dalar qanday natija berishini yaqin kelajak ko’rsatadi.

XS
SM
MD
LG