BMT Afg'onistondagi xodimlari xavfsizligi haqida o'ylanib qolgan


Afg’onistonda hafta boshida BMT xodimlariga hujum uyushtirganlik gumoni bilan 6 kishi qamoqqa olingan. Tashkilot Bosh kotibi Pan Gi Mun mamlakatda xavfsizlikni kuchaytirish uchun 40 million dollar zarur demoqda.

Bosh kotib Pan Gi Mun kecha tashkilot yetakchilari bilan majlis qilib, olovli nuqtalarda xizmat qilayotgan BMT xodimlari, ularning xavfsizligi haqida gaplashgan.

Bosh kotib so’zlovchisi Mishel Montasning aytishicha, Pan Gi Mun xodimlar hayotini muhofaza qilish uchun qo’shimcha mablag’ so’ramoqchi. 40 million dollar haqida gap ketmoqda.

BMT Bosh Assambleyasi xavfsizlik maqsadida kelasi ikki yil uchun 247 million dollar ajratishi rejalangan edi. Bosh kotib murojaati bu raqamni 300 million dollarga chiqarmoqda.

Shu hafta Kobulda Tolibon BMT xodimlari tunaydigan binoga bositirib kirib, otishma boshlagan. NATO askarlari yetib kelguncha tashkilot ishchilari bir soat davomida olishgan. Sakkiz kishi o’lgan, besh nafari BMT vakillari.

Pan Gi Munning aytishicha, yil boshidan beri idora 27 xodimidan ayrildi, yarmi Afg’oniston va Pokistonga to’g’ri keladi. Xalqaro hamjamiyat olovli nuqtalarda xavfsizlik ta’minotiga ko’proq hissa qo’shishi kerak, deydi Pan Gi Mun.

XS
SM
MD
LG