AQSh O'zbekiston bilan oshkora, kelishib ishlamoqchi


Yaqinda Toshkentda prezident Islom Karimov bilan qariyb ikki yarim soat muloqot qilgan Robert Bleyk (Robert Blake), AQShning Markaziy Osiyo bo’yicha bosh diplomati, O’zbekiston bilan yangidan boshlangan siyosiy dialog ish beradi deya ishonch bildirmoqda.

Amerika diplomatlari oradagi ishonchni tiklash oson kechmasligini tan olishadi. O’zbekiston bilan rishtalar asosan inson huquqlari, demokratiya va islohotlar borasida tomonlar turlicha qarash va pozitsiyada ekani uchun ham sovigan edi.

Vashington nazarida O’zbekistonda huquq ahvoli hamon xavotir uyg’otadi. Lekin Obama ma’muriyati tanqidga berilmay respublika rahbariyati bilan muloqotni kuchaytirishga ahd qilgan.

“Dialog ish berishi uchun shaxsan o’zim javobgarlikni bo’ynimga olaman” degan Robert Bleyk, Davlat departamentida biz bilan suhbat qilar ekan, hozirgi siyosatni shunday izohlaydi:

“Obama ma’muriyati O’zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa barcha davlatlati bilan yillik ikki-yoqlama davra suhbatlarini yo’lga qo’yadi. Bu o’zaro konsultatsiyadan maqsad birinchidan, fikr almashish, ikkinchidan esa turli sohalarda hamkorlikni rivojlantirish”.

Har safar AQShning yuqori lavozimli biror rasmiysi Toshkentga borsa, aloqalar yaxshilanyapti deya shov-shuv ko’tariladi. Vashington Markaziy Osiyoga nisbatan serqirra strategiyaga ega va bu xususan xavfsizlikni ta’minlash, iqtisodiy barqarorlik va demokratik islohotlarni olg’a surishdan iborat. Ayni damda hamkorlik Afg’oniston bilan chambarchas bog’liq. AQSh Markaziy Osiyo orqali Afg’onistondagi kuchlariga noharbiy yuk olib o’tmoqda.

Robert Bleyk, AQSh Davlat kotibining mintaqa va Janubiy Osiyo masalalari bo’yicha muovini, rishtalar faqat bundan iborat emas, “Biz boshqa sohalarda ham birga ishlashga harakat qilayapmiz”,- deydi.

“Nazarimda O’zbekiston hukumati ham shunga intilmoqda. Aloqalarni kengaytirish niyati qat’iy ekaniga ishonchimiz komil",- deydi diplomat.

"Afg’oniston bobida berilayotgan yordamdan juda minnatdormiz. Shu bilan birga har ikki tomon iqtisodiyot, energetika sohalarida ham imkoniyatlar ochishdan umidvor”.

Robert Bleyk harakatlar baribir uzoqqa bormaydi, sheriklikning umri qisqa bo’ladi deya qo’l siltaydiganlar ko’p ekanini, ularning umidsizligi ortidagi sabablarni ham biladi. O’lka Rossiya va Xitoyga iqtisodiy jihatdan tobe ekani ham haqiqat.

Davlat kotibi muovinining aytishicha, Amerika o’z imkoniyatlari doirasida qadam tashlab, hukumatlar bilan aloqani jadallashtirib, butun jamiyatlar uchun yordamni oshirish ustida o’ylanmoqda.

“Savdo va sarmoya bobida, ta’lim sohasida qilinadigan ishlar ko’p. Albatta bularning barchasi o’zaro hurmat va manfaatlarga asoslanib amalga oshiriladi. Qolaversa, hamkorlik oshkora kechishi tarafdorimiz, toki Rossiya va Xitoy singari sheriklar shubhalanmasin”.

Bular umumiy bayonotlar, qog’ozda qolib ketadigan va’dalar emasmi?

Real hayotga qarasak, O’zbekiston yoshlari uchun Amerikada ta’lim olish, mutaxassislar uchun bu davlatda malaka oshirish imkoniyatini yaratuvchi yirik tashkilotlar bugun respublikada ishlamayotganiga, hukumat tashqi ta’sirni cheklab kelayotganiga guvohmiz.

Amerika investorlari ham O’zbekistonga sarmoya olib kirishga cho’chib qolgan, qolaversa sharoit ular talabiga javob bermasligini aytadi. Hozirda u yerda biznes qilayotganlar esa korrupsiya va bosimdan noliydi.

Vashington bu muammolarni qanday qilib bartaraf etmoqchi? O’zbekiston Amerikadan sarmoya so’rar ekan, Vashington unga qanday javob bermoqda?

“Juda yaxshi savol… Biz hozir aynan shu masalalar bilan mashg’ulmiz. Yil oxirigacha yoki yangi yil boshida yuqori darajali uchrashuvlar ko’zlayapmiz. Vashington yoki Toshkentda. Hozirda bu borada O’zbekistondan javob kutayapmiz. Bulardan maqsad hamkorlik yo’lida turgan to’siqlarni muhokama qilish”.

Robert Bleykning tushuntirishicha uchrashuvlarga nafaqat rasmiylar balki fuqarolik jamiyati vakillari ham jalb etiladi, ammo O’zbekiston hukumati bilan kelishgan holda.

AQSh, deydi yetakchi diplomat, hech kimga aql o’rgatmoqchi emas. Vashington kelishib ishlash tarafdori, deydi janob Bleyk.

“O’zbekistonda nimaiki muammo bo’lsa, uning yechimi shu xalq va boshqaruv foydasi uchun xizmat qiladi. Bir-birimizni tushunib ishlash – yagona yo’l”, - deydi davlat kotibi muovini.

“Biz, ayrimlar talqin qilayotganidek, O’zbekiston hukumati bilan kompromiss-murosaga borayotganimiz yo’q. Pozitsiyamiz haqida rahbariyat bilan ochiq gaplashayapmiz. Oldinda noyob imkoniyatlar mavjud va O’zbekiston hukumati buni tushunadi”.

Qo’shma Shtatlar O’zbekiston xalqi iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan qiyin davrni boshdan kechirayotganini biladi, deydi Robert Bleyk.

“Astalik bilan til topishamiz, uzoq muddatni ko’zlovchi loyihalarni ishga solamiz degan umiddamiz”, - deydi u.

Amerikaning niyati shuki, regiondagi hozir Afg’onistonga yuk olib borayotgan yo’llar, bu davlatda vaziyat yaxshilanishi bilan, yangi savdo yo’llariga aylanadi.

“Markaziy Osiyoga iqtisodiy integratsiya bobida yordam berishni istaymiz, lekin hech qanday bosimsiz”, - deydi Robert Bleyk.

“Integratsiya ularning xohish-istagi bilan bo’ladi. Iqtisodiy birdamlik Amerikadan sarmoya oqimini oshiradi. Bozor qancha katta bo’lsa, savdo ko’lami ham shunga qarab kengayadi. Biz yordamga tayyormiz”, - deydi AQSh Davlat kotibi muovini.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG