Saylovda Hamid Karzay g'olib deb e'lon qilindi


Afg’onistonda shu hafta rejalangan prezident saylovlari bekor qilingach, Mustaqil saylov komissiyasi Hamid Karzayni g’olib deb topildi. Uning asosiy raqibi Abdulla Abdulla kecha saylovga ishonch yo’q deya poygadan chiqib ketdi.

Vashington Abdullaning qaroridan taajjubda biroq, rasmiylarning aytishicha, bu AQShning Afg’onistondagi strategiyasiga jiddiy ta’sir qilmaydi.

Prezident Barak Obamaning yaqin maslahatchisi Deyvid Akselrod “Vahimaga o’rin yo’q” deydi. “Saylov Afg’oniston konstitutsiyasiga muvofiq hal qilinadi. So’nggi ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, Abdulla g’alaba qozonishi amri mahol edi”,- deydi u.

“Abdulla Abdulla saylovda qatnashmaslikka haqli”, deydi Akselrod. “Bu uning shaxsiy, mustaqil qarori. Undan fojea yasashga hojat yo’q”,- deydi AQSh rasmiysi.

Oq Uy rasmiysi Valeri Jarret ta’rificha ham so’nggi voqealar Obamaning Afg’onistonga doir siyosatida o’zgarish qilmagan. AQSh rahbari mamlakatga qo’shimcha 40 ming askar jo’natish ustida o’ylanmoqda.

“Prezident Obama xalq tinchligi va farovonligi uchun eng ma’qul yo’lni izlamoqda. Qaror shundan kelib chiqqan holda qabul qilinadi”, deydi Valeri Jarret.

AQShdagi ba’zi qonunchilar nazarida ko’proq askar jo’natish kerak, Obama paysalga solgani sari Afg’onistondagi harbiylar jabrini tortmoqda.

Bu orada BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun bugun Afg’onistonga borib, Karzay va Abdulla bilan uchrashmoqda. O’tgan hafta Tolibon Kobulda BMT xodimlariga hujum qilib, besh nafarini o’ldirgan edi. Nima bo’lishidan qat’iy nazar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Afg’onistonga ko’mak berib, uning taraqqiyotini ta’minlashda davom etadi, deydi BMT bosh kotibi.

XS
SM
MD
LG