O'zbekistonda ayrim advokatlar islohotlardan norozi


Ayrim mutaxassislar nazarida bugun islohotlarni boshdan kechirayotgan O'zbekiston advokaturasi mustaqillik huquqidan yanada uzoqlashgan.

Hukumat qaroriga binoam advokatlar faoliyatiga doir bir necha o'zgarishlar amalga oshirildi.

Rasmiylarning aytishicha advokat huquqlari va qonuniy vakolatlar kengaytirildi.

Lekin bu kasb egalarining tushuntirishicha islohotlar aslida advokaturani Adliya vazirligiga tobe qilib qo'ydi. Mustaqil faoliyat uchun kurashgan advokatlar ishidan chetlatilmoqda.

O'zbekistonda advokatlarni fuqarolik jamiyatining faol qatlami sifatida baholash qiyin. Islohotlar davom etmoqda, yangi qoidalar amalga kiritilmoqda biroq mohiyatan o'zgarishlar sezilmaydi.

Yaqinda mustaqil “Ekspertlar ishchi guruhi” so'nggi olti oy mobaynida advokaturada amalga oshgan islohotlarga oid tahlil e'lon qildi.

“Bu yangiliklar 2009 yildan boshlab kuchga kirgan. Biz shu fursatda ular qanday ishlayotgani, qanday natija berayotgani yuzasidan monitoring o'tkazishni rejalagan edik. Tadqiqot shuni ko'rsatdiki, advokatlarga berilgan professional huquqlarni hayotga tatbiq etilishi juda qiyin kechmoqda”, - deydi guruh vakili Suhrob Ismoilov.

Advokatlarni qayta litsenziyalash bo'yicha o'tgan sinov ular sonini bir qadar siyraklashtirgan edi. Bu sinovdan o'tmaganlarning aksariyati jamoatchilikka mustaqil faoliyati bilan tanilgan, xususan huquq faollari va muxolifatchilarni himoya qilgan advokatlar bo'ldi.

Advokaturadagi islohotlardan yana biri, prezident farmoniga muvofiq, Advokatlar Palatasini tashkil etilishi bo'ldi. Palatani muvofiqlashtirish Adliya vazirligiga yuklandi.

“Qonun kuchga kirdi. Advokatlar har uch yilda malakasini oshirishi shart. Malaka kurslari tashkil qilinib, shunda o'qitiladi. Lekin advokatlar safini tozalash uchun uch yil kutishga ham hojat qolmagan. Chunki advokatlar markazlashgan idoraga aylandi. Palata tuzildi. Davlat atributlari qabul qilinayapti. Bu degani sal kam davlat tashkilotiga aylanayapti",- deydi sinovdan o'ta olmagan advokat Ruhiddin Komilov, bir necha siyosiy mahbuslarni himoya qilgan mutaxassis.

"Adliya vazirligining buyrug'ini ko`rdim, Advokatura haqidagi qonunga ko'ra deb chiqarayapti. Bu qonun advokatlar uchun, Adliya vazirligi uchun emas. Adliya vazirligining advokatlar haqidagi qonunga ko'ra ish yuritishi bu juda kulguli narsa”, - deydi u.

Suhrob Ismoilov fikricha islohotlar ayrim ijobiy o'zgarishlarga ham yo'l ochayapti.

“Masalan, ilgari advokatlar qamoqxonadagi mijozini ko'rish uchun qamoqxona noziridan, shuningdek, mahbusning o'zidan ariza olishi kerak edi. Hozirgi o'zgarishga ko'ra bunday arizalar kerak emas, advokat uchrashish huquqiga ega. Yana bir o'zgarish - advokat ish jarayonida texnik vositalardan foydalanishi, tergovdan keyin ayblov xulosasini olishi mumkin. Lekin tergovchilar, huquq-tartibot organlari, sudyalar, mansabdor shaxslar tomonidan bunga qarshi rasmiyatchilik kayfiyati juda kuchli”, - deydi Suhrob Ismoilov.

Amaliyotda fuqarolar advokatlarni qonuniy himoyachi emas, ko'proq vositachi tomon sifatida qabul qilishadi. Advokat vakolatlari va e'tirozlari sud, huquq-tartibot organlari tomonidan inobatsiz qoldirilar ekan, vaziyatga o'zgarish bo'lishi qiyin.

“Sud faqatgina sud-tergov jarayonida aniqlangan holatlarga ko'ra hukm chiqarishi kerak, ayblov xulosasiga tayanib emas. Lekin mana, sudlar ayblov xulosasiga tayanib, shu fikrlarga ko'ra hukmlarni o'qib yotibdi. Bu masalaning oldini olish uchun sud mustaqil bo'lishi kerak, bizda esa sudlar mustaqil emas ”, - deydi ism-sharifini ochiq aytishni istamagan advokatlardan biri.

Qonunchilikka binoan sud -mustaqil hokimyat. Sudyalar prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi. 2009 yildan boshlab qamoqqa olish haqida sanksiya berish sudlar vakolatiga o'tkazildi.

Mutaxassislarning qayd etishicha bu islohotlar boshlanganidan keyin ham noqununiy hibslar ko'rsatkichi pasaymagan va prokuratura talabi sud tomonidan rad etilish holatlari juda kam kuzatiladi.

XS
SM
MD
LG