Eron notinch - muxolifat va hukumat tarafdorlari namoyish qilmoqda


Eron poytaxti bugun notinch. Politsiya va muxolifat yetakchisi Mir Husayn Mussaviy tarafdorlari to’qnashmoqda.

Shaharda “Diktatorga o’lim”, “Rossiyaga o’lim”, “Xitoyga o’lim” kabi shiorlar yangrar ekan, yozgi prezident saylovlari yuzasidan norozilik kayfiyati qayta qo’zg’algan.

Bugun, shuningdek, Tehronda AQSh elchixonasi qamalining 30 yilligi xotirlanmoqda. Qo’shma Shtatlarga qarshi shiorlar quloqqa chalinmoqda.

AQShning Tehrondagi sobiq elchixonasi binosi oldidan tumonat odam yig’ilgan. Bu yig’in hukumat tashabbusi bilan o’tmoqda.

Har zamonda “Alloh buyuk”, “Amerikaga o’lim” kabi da’vatlar eshitiladi.
Bundan 30 yil oldin, 1979 yil noyabrida bir guruh talabalar elchixonaga bostirib kirib, uni bir yarim yil qamal qilgan. 52 amerikalik garovda saqlangan.

Ko’p o’tmay mamlakatda islomiy inqilob ro’y berib, Qo’shma Shtatlarga xayrixoh shoh taxtdan ag’darilgan.

Bugun ham Eron beqaror. Tehron ko’chalariga chiqqan muxolif kuchlar prezident Mahmud Ahmadinajod iste’fosini talab qilmoqda. Muxolifat iyun oyida Ahmadinajod g’alabasi bilan tugagan saylovlarni tan olmay keladi.

Hukumat namoyishlarni taqiqlar ekan, politsiyani ishga solgan. Namoyishchilar ko’zni yoshlantiruvchi gaz yordamida tarqatilgan. Bir necha kishi jarohat olgani, qamoqqa olingani ma’lum.

Muxolif kuchlar “Obama, Obama, sen kim tarafdori?” deya hayqirib, Amerika prezidentining Ahmadinajod bilan muzokara qilish tashabbusini tanqid qilmoqda.

Qo’shma Shtatlar hukumati 30 yil oldingi voqealarni esga olar ekan, Eronni o’tmish xatolaridan chekinishga, aloqalarda yangi sahifa ochishga, xalq manfaatlaridan kelib chiqib ish ko’rishga da’vat etmoqda.

XS
SM
MD
LG