Berlin devori qulashiga olib kelgan siyosiy-iqtisodiy omillar


1989 yil 9 noyabr – Berlin devori qulagan kun – katta shodiyonalar bilan qarshi olinmoqda.

Qariyb 30 yil davomida g’arbu-sharqni bir-biridan ajratgan to’siq bir kechada, zo’ravonliksiz olib tashlangan. Chegaralar ochilgan. Dunyo o’tgan 20 yil ichida katta o’zgarishlarga guvoh bo’ldi, biroq bu tarixiy voqea ko’pchilik xotirasida muhrlangan.

1960-1970 yillarda Germaniya Demokratik Respublikasi g’arbchalik bo’lmasa-da, iqtisodiyotini Moskva yordamida ancha ko’tarib olgan. Masalan 1961 yilda aholining 3 foizi, 1975 yilda esa 15 foizi o’z mashinasiga ega edi.

1970-yillar o’rtalarida Yaqin Sharq neft embargosi qora oltin bahosini ko’tarib, Sovet Ittifoqidan Germaniyaga iqtisodiy yordam, subsidiyalar keskin kamaygan, deydi tarixchi olim Frederik Teylor.

“Rossiyadan shu paytgacha import qilingan xomashyo, iste’mol tovarlari, hatto meva va sabzavotlar kamayib, xalqning ijtimoiy ahvoli yomonlasha bordi. Defitsit mahsulotni faqat chet el valyutasiga topish mumkin edi”, - deydi Teylor.

AQShda Ronald Regan prezident etib saylangan 1980 yilga kelib, sharqiy Germaniya va umuman sotsialistik blok davlatlarida iqtisodiy muammolar ko’zga tashlana boshlaydi.

Serj Shmeman, “Nyu-York Tayms” gazetasining Moskvadagi sobiq muxbiri. Uning tasvirlashicha, Mixail Gorbachev davrida Sharqiy Yevropada Sovet Ittifoqi o’nlab yil qo’llab-quvvatlagan kommunistik tuzumlar parchalanish yoqasida edi. Polsha va Vengriya birinchilar qatorida.

1989 yil yirik siyosiy burilishlarga guvoh bo’ldi. SSSR rahbarining oshkoralik siyosati va muhimi, muxolifat va islohotchi guruhlarga qarshi harbiy kuch qo’llamaslik qarori, deydi tarixchilar, “Brejnev doktrinasi”ni yo’qqa chiqardi, ya’ni ittifoqdan ajralish harakatlari Vengriya va Chexoslovakiyada bo’lgani kabi kuch bilan bostiriladi degan nazariyani.

Ko’p o’tmay Vengriya hukumati qo’shni Avstriya bilan chegarani ochishga qaror qiladi. GDR bo’ylab soxta saylovlarni bas qilish, mamlakatga erkin kirish-chiqishni yo’lga qo’yish va turmushni yaxshilashga chaqirgan tinch namoyishlar avj olar ekan, kommunist rahbarlar qurol ishlatishga jur’at eta olmagan.

“Dramatik voqealar deyarli har kuni ro’y berayotgan bu davrda Sharqiy Germaniya aholisi ma’lumotni davlat axborot vositalaridan emas, qo’shni federativ respublika tele-radiosidan olishga harakat qilgan”, - deya qayd etadi Frederik Teylor. “Berlin devori qulagani xabar berilgan zahoti uning atrofiga va harbiy punktlarda minglab odam to’planadi”.

Vaziyat taranglashgach, hukumatdan hech qanday yo’l-yo’riq olmagan harbiylar darvozalarni ochishga qaror qiladi. Kechga borib barcha chegaralar ochiq, odamlar har ikki tomonga erkin harakatlanayotgan edi.

Har yoqda shodiyonalar, devor ustiga chiqib raqsga tushayotgan odamlar, bayram shukuhi …

Berlin devorining qulashi bir dona ham o’q uzilmasdan, qonsiz amalga oshirilgan voqea sifatida e’tirof etiladi. 1989 yil 9-10 noyabr kunlari, deya eslaydi guvohlar, omma orasida amalga oshmaydigan ishning o’zi yo’q degan bir fikr hukmron edi.

XS
SM
MD
LG