Fort Xuddagi fojia ketidan Amerika musulmonlari xavotirda


Amerika 5 noyabr kuni Texasdagi harbiy bazada ro’y bergan dahshatli voqeani tushunishga harakat qilar ekan, armiya u yerdagi qo’shinlarning ruhiy ahvolidan tashvishda.

Ko’plab askarlar tushkunlik holatida va ularga qarash uchun qo’shimcha mutaxassislar safarbar etilgan. Qolaversa, tergov ishlari avjida.

Harbiy psixiatr, mayor Nidal Xasan nima uchun safdoshlariga qarshi o’t ochgani tekshirilmoqda. Doktor 13 kishini otib tashlagan. O’zi harbiy o’qidan yaralanib, gospitalda yotibdi. Tergovchilar uni so’roq qilishga urinmoqda.

Amerikaliklar Fort Xud deganda endi o’nlab insonlar hayotiga zomin bo’lgan voqeani ko’z oldiga keltirsa ajabmas. O’qimishli, ruhshunos shifokor nega bunday qildi?

“Hamma dahshatda, faqatgina bu baza emas, balki butun armiya, butun qurolli kuchlarimiz”,- deydi armiya qo'mondoni general Jorj Keysi.

Nidal Xasan - bir necha yildan beri AQSh harbiylari ruhiyatiga qarab kelayotgan shifokor. Yaqinda unga urushga borish uchun yo’llanma berilgan.

Texaslik kongressmen Maykl Makkolning aytishicha:

“Nidal Xasan, bilishimizcha, Iroq yoki Afg’onistondagi urushga tamoman qarshi bo’lgan va xizmat qilishni istamagan”.

39 yoshli Nidal Xasan Fort Xudga kelishidan avval Vashingtondagi yirik gospital – Volter Rid harbiy kasalxonasida ishlagan. Mahorati past deya baholanib quyi vazifaga jo’natilgan. Nidal Xasan, arab kelib chiqishiga ega amerikalik, falastinlik oila farzandi, Virjiniya shtatida tug’ilib, shu yerda voyaga yetgan. Uylanmagan, farzandsiz.

Vashingtondagi masjidlarga qatnagan shifokorni musulmon jamoa yaxshi biladi.

“Namozxon bir kishi edi. Masjidimizga tez-tez kelib turar edi”,- deydi mahalliy masjidlardan birining imomi Arshad Qurayshiy.

Vashingtonga qo’shni Merilend shtatidagi musulmon markaziga ham borib turgan. Bu maskan o’z tibbiy punktiga ham ega.

“Markazimizga kelib, mening huzurimda bo’lgan",- deydi doktor Osif Qodiriy.

"Bosiq, shirinso’z bir shaxsdek tuyulgan edi. Depressiyaga tushgan deb o’ylamaganman. Hayotdan xursand, xushchaqchaq bir odamdek ko’ringan edi”.

Shifokor Osif Qodiriyning aytishicha Nidal Xasan AQSh armiyasida tibbiy mutaxassis sifatida ishlayotganidan juda faxrlangan. Amerikani vatan deb bilgan. Musulmonlar endi bu jamiyatda ularga qarshilik kuchaymasin deb umid qilmoqda.

“Men bir musulmonman, u bir musulmon edi. Bunday fojialar bizdan shundoq ham xavfsiragan odamlarni yanada uzoqlashtiradi axir”,- deydi Osif Qodiriy.

Faol arab amerikaliklardan biri Navar Shura nazarida Internetda musulmonlarni qoralash kampaniyasi avjida.

“Nidal Xasan al-Qoidaning odami bo’lgan deb o’ylamayman. Lekin oddiy amerikaliklarga buni qanday tushuntirasiz? Ular bizdan qo’rqadi, shubhalanishadi. “Mana musulmonlar yana xurujlarga zo’r berayapti” degan fikrlar hukmron. Bu juda qo’rqinchli holat”,- deydi Navar Shura.

Prezident Barak Obama ommani tinchlanishga, Fort Xuddagi fojiani shoshmay tahlil qilishga, bir odamni deb butun musulmonlarni qoralamaslikka chaqirmoqda. Jinoyat bu jinoyat, deydi Obama, dinga uning aloqasi yo’q.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG