Breaking News

Kommunizmga xotima yasagan voqealarni eslab...


Sovet Ittifoqi rahbari Mixail Gorbachev 1989 yili Berlin devori qulashi⇒ va bu voqea ketidan ro’y bergan olamshumul o’zgarishlarlarda muhim rol o’ynagan shaxs sifatida tilga olinadi.

U olg’a surgan oshkoralik va qayta qurish siyosati Sharqiy Yevropadagi kommunistik tuzumlar va oxir-oqibat Sovet imperiyasi parlachalanishiga turtki bergan.

Amerikalik taniqli siyosatshunos Robert Legvold Mixail Gorbachevning Sharqiy Yevropada kuch ishlatmaslik qarorini kommunizm ildiziga bolta urgan eng muhim qaror deya ta’riflaydi.

“Gorbachev sotsialistik blok rahbarlariga biz ortiq ichki ishlaringizga aralashmaymiz deya ishora qiladi. Bu lo’nda qilib aytganda, 1953 yili Berlin, 1956 yili Vengriya va Polsha, 1968 yili Chexoslovakiyada bo’lgan voqealar takrorlanmaydi degani edi”.

Bu mamlakatlar bosib olinishiga sabab bo’lgan, markazga qarshi bosh ko’targan kuchlarni bostirish siyosati – “Brejnev doktrinasi” kuchini yo’qotgach, Sharqiy Yevropa siyosiy-iqtisodiy taraqqiyot yo’lini o’zi tanlash imkoniga ega edi.

1989 yil noyabrida Berlin devori qulab, mintaqa bo’ylab Kommunistik Partiya hukmronlikni boy bera boshlaydi. Polshada o’tgan ilk erkin saylovlarda aksil-kommunist guruhlar g’alaba qiladi.

“Polshadan so’ng Sharqiy Germaniya, Chexoslovakiya, Vengriya, Bolgariya va Ruminiya … inqilob to’lqinini to’xtatib bo’lmasdi”, - deydi Robert Legvold.

Ruminiya, afsuski, bu jarayonda qon to’kilgan yagona davlat bo’ldi, deya eslaydi Serj Shmeman, “Nyu-York Tayms” sobiq muxbiri. “Timishoara va boshqa shaharlarda kechgan qurolli to’qnashuvlarda qariyb ming kishi halok bo’lgan”.

Moskva yetakchilik qilgan va aksar sotsialistik davlatlarni o’z ichiga olgan Varshava shartnomasi hamda Berlin devori parchalanib ketishi AQSh-Rossiya aloqalarini tubdan o’zgartirgan.

“Bu voqealar nafaqat jahon siyosiy-iqtisodiy xaritasini, odamlarning dunyoqarashini tamoman o’zgartirib yubordi”, - deydi Shmeman. “Biz bilgan ikki qutbli dunyo, Sovuq Urush barham topdi, biroq hozirgi xalqaro tartib haqidagi bahslar davom etmoqda”.

Tarixchi Frederik Teylor Berlin devori qulashi Rossiyaga, ayniqsa bu mamlakat elitasi ruhiyatida chuqur iz qoldirgan voqea bo’ldi, deydi. Ta’sirini Rossiyaning hozirgi tashqi siyosatida ko’rish mumkin.

“Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin u davrlarda Germaniya sharqida, Drezden shahrida KGBda xizmat qilgan. Sovet Ittifoqi qaramog’idagi bu davlatda gapini o’tkazib yurgan, mahalliy rahbarlar hurmat-e’tiborida bo’lgan bu shaxs bir necha hafta ichida hech kimga aylanib, Rossiyaga qaytadi. Sovet imperiyasi bu davlatlarda ta’sir kuchini boy bergani Putin kabi ko’pchilikni ranjitgan, izzat-nafsini olgan bo’lsa ajabmas”, - deydi tarixchi.

Rossiyaning eksi kuch-qudratini tiklash Putin va hozir prezident Dmitriy Medvedev davrida ham tashqi siyosatning ustuvor yo’nalishi deb belgilangan.

Frederik Teylorning tahlil qilishicha, Sovuq Urush tugashining kutilmagan bir oqibati bu – terrorizm va ektremizm. Chegaralar ochiq va texnologiya rivojlangan hozirgi dunyoda tinchlikka rahna solayotgan guruhlar ko’paygan. Shu ma’noda, deydi Teylor, dunyo avvalgidan ancha xavfli. Endi yangi muammolar o’z yechimini kutmoqda.

XS
SM
MD
LG