Maykl Jeksonning armon bo'lib qolgan konserti




Maykl Jekson olamdan o’tganidan to’rt oy o’tib, uning hayoti va faoliyati haqida yangi hujjatli film, “This is it” - Xotima” kartinasi katta ekran yuzini ko’rdi. Hozirda jahon bo’ylab namoyish etilmoqda.

Pop musiqa qirolini ardoqlagan amerikaliklar, tabiiyki, chuqur hayajonda. Anduhga botib endi o’ziga kelayotgan muxlislar bu kartina ularing yarasini yangilaganini aytadi.

Bu hujjatli film Maykl Jekson umrining oxirgi kunlarini aks ettiradi. Iyul oyida Londonda katta konsert berishga tayyorlanayotgan yulduz kutilmaganda mavhum bir tarzda vafot etgan edi.

Rejissyor, prodyuser Kenni Ortega ikki soatli kartinani jami 120 soatlik repetitsiyaga asoslagan.

Film sizni sahna ortiga olib kiradi. Buyuk artistga yaqindan nazar tashlaysiz.

Maykl Jekson g’ayrat urib ishlayotganini, o’ziga xos raqs va musiqiy usullarini charxlayotganini ko’rasiz. Armonli dunyo.

Maykl Jeksonning hayoti janjal va mashmashalarga to’la edi. Xonanda millionlab dollar qarzga botgan, sog’lig’i zaiflashgan bir holatda edi.

Konsert pop musiqa qirolini yana katta sahnaga olib chiqishi, yangi qo’shiqlari bilan uning dunyo kezishi kutilayotgan edi.

“So’nggi texnologiyalarni ishga solib olamshumul bir konsert tashkil qilish niyatida edik",- deydi Kenni Ortega.

"Qanday video, qanday ovoz, qanday bezaklar… Maykl shuni istagan edi”.

Mayklga qarab u kasal edi demaysiz. Ko’rinishi va hatti-harakatiga qarab, kuch va ilhomga to’la, hayotdan xursand bir shaxs, sahnani sog’ingan bir artist deysiz.

Odamlar bu filmni tomosha qilish uchun soatlab navbatda turibdi. Biletlar qimmat. Har bir daqiqa pul deb yashaydigan amerikaliklar kinoga oshiqmoqda. Ko’rganlar juda mamnun.

“Ko’rib to’ymadim. Juda zo’r’"!- deydi bir muxlis.

"Ajoyib inson, ajoyib ijod”,- deydi yana bir amerikalik.

Yana biri "Maykl Jeksonga tengi yo’q” desa, boshqasi "Filmni ko’rib, uning o’lganiga ishonish qiyin",- deydi. "Nahotki deysiz. Afsus, afsus”.

“Xotima” kartinasi ochilgan kuniyoq 66 million dollar daromad olib kelgan. Lekin gap pulda emas, deydi muxlislar. Gap Maykl Jeksonning o’lmas qo’shiq va raqslarida. Ularning mazmun-mohiyatida. Pop musiqa bu qadar ta’sirchan bo’ladi deb kim ham o’ylabdi. Maykl Jekson uchun inson hayoti bir qo’shiq edi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG