Breaking News

Vakillar Palatasi sog'liqni saqlash islohoti uchun ovoz berdi


AQSh Kongressining Vakillar Palatasi prezident Barak Obamaning sog'liqni saqlash tizimini isloh qilishga qaratilgan qonun loyihasini ma'qullagan. 39 nafar demokrat va deyarli barcha respublikachilar hujjatga qarshi ovoz berishiga qaramay, qiymati 1 trillion dollardan ortiq qonunning palatada tasqidlanishi prezident Obama uchun eng yirik siyosiy g'alaba hisoblanadi.

435 deputatdan iborat Vakillar Palatasidagi jarayon juda qizg'in kechgan. Loyiha uchun 220 qonunchi ovoz bergan, 215 kongressmen qarshi chiqqan.

Respublikachilar nazarida sog'liqni saqlash tizimi davlatga qimmatga tushadi, federal kamomad ko'payadi, sug'urta qimmatlashadi, tizim hukumat nazoratiga o'tadi.

Islohotlar uchun kelasi 10 yil ichida 1 trillion dollardan ko'p pul sarflanishi aytilmoqda. Yangi qonunga ko'ra aksariyat ish beruvchilar xodimlarini tibbiy sug'urta bilan ta'minlashga majbur bo'ladi, sug'urta kompaniyalari esa mijozlarga rad javobi bera olmaydi.

Amerikaliklar xususiy sug'urta kompaniyalaridan tashqari davlatga qarashli sug'urtadan ham foydalanishi mumkin bo'ladi.

Demokrat qonunchi Jim Moranning aytishicha, sog'liqni saqlash tizimiga kelganda Qo'shma Shtatlar boshqa davlatlarda ancha orqada.

"Biz buyuk, farovon va mehribon xalqmiz, ammo sog'liqni saqlash tizimimiz talabga hecham javob bermaydi," deydi Virjiniya shtatining Kongressdagi vakili.

Muxolifatdagi respublikachilar Obama qonuniga muqobil tarzda o'z qonun loyihasini palatadan o'tkazishga harakat qilgan, biroq demokratlar ko'pchilikni tashkil etuvchi organ hujjatni rad etgan.

Davlat rahbari loyihaning ma'qullanishini tarixiy imkoniyat deb atadi.

"Biz undan kelajakdagi muammolarimizni bartaraf etish uchun foydalanishimiz kerak, ya'ni har kuni 14 mingga yaqin amerikalik tibbiy sug'urtadan ayriladi, 18 ming fuqaro esa sug'urta bo'lmagani uchun nobud bo'ladi," deydi prezident Obama.

Hujjat prezident imzosiga yuborilishdan oldin Senatdan ham o'tishi kerak. Buning uchun demokratlarga 100 tadan 60 ta ovoz kifoya bo'ladi.

XS
SM
MD
LG