O'zbekiston terim mavsumi tugamoqda, daromad qilgan fermer sanoqli


O’zbekistonda qishloq xo’jaligining asosiy mahsuloti - paxta yig`im-terimi nihoyasiga yetmoqda.

Paxtadan daromad ko’rgan fermerlar sanoqli, yeridan ajrab qolishi mumkin bo’lgan qarzdor fermerlar borgan sari ko’paymoqda.

Qonunga ko’ra, yer fermerga shaxsiy mulk sifatida berilgan bo`lsa-da, aslida unda bu mulkni boshqarish huquqi yo`q.

Har yili qishloq xo`jaligi mavsumi yakunlanishidan so`ng o'nlab fermerlardan yer tortib olinayotgani esa yerga egalik hissini ham omonat qilib qo`ygan. Yerga nima ekish, ekilgan mahsulotni kimga va qanchadan sotish mumkinligini fermer emas hukumat belgilaydi.

Dehqon uchun erta bahordan bug`doy va chigit ekish bilan boshlanadigan mavsum qishga yaqin paxta yig`im-terimi bilan yakunlanadi. Bu yil davlat uchun 3 million 400 ming tonna “oq oltin” yetkazib berildi.

Sharhlovchilar so’zlariga ko`ra, darhaqiqat, paxta kimlargadir oltin kabi daromad keltirayotgan mahsulot, faqat bu foyda paxtani yetishtirgan fermer yoki paxta terimiga jalb qilingan millionlab o`quvchilarga tegishli emas.

“Shuning uchun ham biz e`tiborni aynan shunga qaratmoqdamiz, faqat ma`lum bir guruhgagina manfaat olib keladi”, - deydi muxolifatdagi “Ozod dehqonlar” partiyasi vakili Bahodir Nomozov.

Paxta eksporti kichik bir guruhlar qo`lida qolayotgani nafaqat fermer daromadi, balki mamlakat ishlab chiqarishiga katta zarar yetkazayotgani ta’kidlanadi.

“Asosan, xomashyo sifatida sotilayapti, paxtadan biror mahsulot chiqarish uchun hech narsa qilinmayapti. Korxonalar paxta yetishmovchiligidan turib qolgan, o`zimizda paxta yetishtirisak, qanday qilib paxtaga muhtoj bo`lish mumkin. Chunki o`sha ma`lum guruhlar paxtadan har xil mahsulot qilgandan ko`ra uni tayyoricha xomashyo sifatida sotib, daromar qilishni ma`qul ko`rishadi”, - deydi Nomozov.

Mahsulot yetishtirishga ketadigan xarajatlarni hisob-kitob qilib chiqqan fermerning aytishicha, xarajatlar ko`p, shunga muvofiq paxta bahosi hozir hukumat belgilaganidan ancha baland bo`lishi kerak.

Bu yil fermerdan sotib olinayotgan paxta bahosi bir kilogrammi uchun 500 so’m qilib belgilangan, undan 100 so’mi faqat terim uchun ketadi, qolgan 400 so’m esa fermer erta bahordan paxta yetishtirish uchun sarflagan xarajatlarini qoplamaydi.

“Hamma narsani narxi ko`tarildi, ishlaydigan mardikorni ham. Bundan tashqari, o`g`it qimmatlashdi ikki martaga, defoliatsiya, yoqilg`i, urug` qimmatladi. Fermerga bir o`n so’m qolishi mumkindir, dehqon uchun bu foydali narsa emas”, -deydi fermerlardan biri.

Paxta yetishtirishdagi bu kamomadlardan qat’iy-nazar fermer hosilni tayyorlab berishga majbur. Hokimiyat paxta bo’yicha majburiyat bajarilishi uchun barcha usullarni ishga soladi, hatto militsiya yordamidagi taz’yiq, tahdidlargacha.

“Hozir 5 sort uchun 150 ming som berayapti, fermer uchun bu paxtani yig`ishtirish 300 ming so`mga tushadi. Bu hukumatga kerak, lekin fermerga zarar. Endi qilyapmiz, yerni tortib olaman deyapti, qo`rqqanimizdan ham qilayapmiz. Militsiya yuboraman deydi, hukumat bilan o`ynashib bo`ladimi? Hozir gektariga 300 kilodan paxta qo`shimcha so`rayapti, har kuni so’rog`i bo’lyapti, bajarmaganga jinoiy ish och, yerini ol deyapti”, - deydi fermer Akbar Rahimov.

Mulohazlarga ko`ra, fermerda qishloq xo’jaligidan manfaatdorlik tobora yo’qolmoqda.

“Asosan, planni ellik foizga yetkazmaganlar va ellik foizdan oshirganlar bor, chunki rejalar juda yuqori belgilangan, fermerlarni yarmi yerimni topshiraman deb turibdi, buyoqda esa planni bajarasan deb turibdi”, - deydi fermer.

Ekspertlar nazarida hukumat fermerlarni majburlash, paxta yig`imiga ommaviy ravishda o`quvchilar va hasharchilarni jalb qilish bilan mahsulot yetishtirishning eng arzon usulini saqlab qolmoqda.

“Paxtani asosiy qismi eksportga ketadi. Mahalliy korxonalar uchun paxta sotishda ham shaffoflik yo’q. Bilishimcha, bu doim juda murakkab jarayon bo’lgan, kimlargadir dollar, kimlargadir so’mda sotiladi. Bu boradagi vaziyat juda yomon, odatda mahalliy ehtiyoj uchun eng past sifatli paxta qoldiriladi, lekin bahosi dunyo bozoridagi narxlardan unchalik farq qilmaydi”, - deydi Taymurov.

O`zbekistonda paxta yetishtirishning bu usuli ommaviylashib borayotgani xalqaro miqyosda, mamlakatdagi inson huquqlari himoyachilarining ham noroziligiga sabab bo’lib keladi. Mahalliy faollar bolalar huquqlari toptalishi evaziga yetishtirilyotgan o’zbek paxtasiga boykot e’lon qilishni so’rab xalqaro tashkilotlarga, savdo tarmoqlariga ochiq murojaat ham yo’llagan edi.

Avtoritar tuzumda nafaqat O`zbekiston qonunlari, balki xalqaro qonunlar ham ishlamaydi. Ayniqsa, bolalarni majburiy mehnatga jalb qilish bo`yicha qonunlar doimiy buzilib kelinmoqda. Hukumatni o`zi bolalarni majburlamoqda. Shu bois biz xalqaro kompaniyalarni o’zbek paxtasini boykot qilishga chaqirgan edik. Shu orqali hukumatga ta’sir qilishni maqsad qilganmiz. Bu murojaat barcha xalqaro tashkilotlarga, banklarga, yirik kompaniyalarga, BMTga yuborilgan. Kelajakni, taqdirimizni oy`lab shunday qildik”, - deydi huquq himoyachisi Baxtiyor Hamroyev.

G`arbda bolalar majburiy mehnatidan foydalanib yetishtirilayotgan o`zbek paxtasini boykot qilayotgan savdo tarmoqlari ko`payib bormoqda. Bu kompaniyani hozircha biror natija bergani kuzatilmaydi, biroq harakat kengaymoqda. AQSh O’zbekistondagi majburiy bolalar mehnatiga ahamiyat qaratayotgan davlatlardan biriga aylandi deyish mumkin.

AQSh senatori Tom Xarkin O’zbekistondagi bolalar majburiy mehnati bilan bog’liq vaziyatni muhokama qilish uchun Kongressga rezolyutsiya taqdim etgan. Senatorning AQSh matbuotida chop etilgan “O’zbek paxtasi haqidagi achchiq haqiqat” maqolasida bolalarni majburiy mehnatga safarbar qilayotgan o’zbek hukumati keskin tanqid qilinadi. O’zbekistonda maktab o’quvchilari paxta dalasida mehnat qilishda davom etar ekan, amerikalik o`qutuvchilar norozilik bildirish uchun O`zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi yaqinida piket qilishdi.

Hukumat bolalar majburan paxta terimiga safarbar qilinayotganini rad etadi, hozirgacha bolalarni paxta dalasiga chiqarilishi yuzasidan biror izoh berilmagan.

Faollarga ko’ra esa bu boradagi vaziyat keskinlashib bormoqda, bu yilgi paxta mavsumiga 5-sinfdan boshlab o’quvchilar jalb qilingan.

“Hatto ikkinchi sinf o’quvchilarini ham ko’rdim, 4-5 kilo paxta terayotgan. Vaziyat yildan-yilga og’irlashayapti, diktatura kuchaymoqda. Keyingi yil bundan ham battar bo’ladi, bog’cha bolalarini ham paxtaga chiqaradi desa ajablanmasdim. Bu yilgi paxta mavsumidagi baqir-chaqirlar, bir-birini haqoratlashlar, boshqaruvni mutlaq izdan chiqqani menda ayanchli bir tassurot qoldirdi. Keyingi yil bolalarni ekspluatatsiya qilish yanada kuchayadi, chunki qishloq xo’jaligi tizimi ishdan chiqqan,texnika yo’q”, - deydi huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanov.

Respublika paxta planini bajargani haqidagi hisobotdan keyin ham maktab o’quvchilari paxta dalasida qolishmoqda. Ayrim tumanlarda kichik sinflar maktabga qaytgan, ayrim tumanlarda esa 5-sinfdan boshlab o`quvchilar hamon paxta dalasida.

“10 da qaytarishadi, deyishgandi. Bugun eshitishimcha 15 ga qoldirishgan. Biz tomonlarda hatto ikkinchi sinf o’quvchilari ham paxta terimiga chiqishgan”, - deydi fermer.

Mulohazlarga ko’ra, bir paytlar milliy boylik sifatida e’tirof etilgan paxta bugun ko’proq ayrim guruhlarning boyishi uchungina xizmat qilmoqda.

XS
SM
MD
LG