Sovet kommunizmini jar yoqasiga yetaklagan omillar


1991yil oxirida Sovet Ittifoqi butunlay parchalanib, dunyoda 15 yangi respublika vujudga kelganidan shuncha yil o’tib ham uzoq davrlik Sovuq urushda kim g’olib chiqqani qizg’in bahs-munozaralarga sabab bo’lib kelmoqda.

Sovet kommunistik tuzumi nega barbod bo’ldi?

Yaqin tarixga nazar tashlasak.

1989 yilning bahori… Polshada kommunistik hukumat liberal muxolifat bilan murosaga kelib, mamlakat demokratiyaga eshigini ochdi. Oradan ko’p o’tmay Vengriya ko’p-partiyaviy tuzumga o’tdi. Shu yilning oxiriga borib esa Chexoslavakiyada inqilob yuz berib, taniqli adib Vastlav Gavel rahbarlikka o’tirdi.

1989 yilning 9 noyabrida nemis xalqini ikkiga ajratib qo’ygan Berlin devori - G’arbiy va Sharqiy blok orasidagi chegara quladi. 1961 yilda barpo etilgan bu to'siq erkinlik va repressiyani bir-biridan ajratib turgan timsol sifatida ko’rilar edi.

Xo’sh, millionlab insonlarga farovon hayot, buyuk kelajak va’da qilgan tuzumlar, yoshu-qari ongiga tenglik, birodarlik va tinchlik o’gitlarini singdirgan mafkura nima uchun poyoniga yetdi?

Chexiya prezidenti Vatslav Klaus (Vaclav Klaus) fikricha kommunizm ichidan yemirildi.

“Mafkura zaminida yotgan va’dalar puch bo’lib chiqdi”,- deydi yetakchi.

Sovet Ittifoqini asosiy dushman deb bilgan Qo’shma Shtatlarda 1980-90 yillarda yuqori lavozimlarda ishlagan, tashqi siyosat ortida turgan arbob Josef Nay nazarida kommunistik g’oyalarga ishonch pasayishida iqtisod, zaif iqtisod eng muhim rol o’ynagan.

"1989 yilda Berlin devori tinchgina qulab, Sharqiy Yevropada erkinlik shamoli esa boshlaganida, kommunistik dunyo yetakchisi bo’lgan Sovet Ittifoqi noiloj bir ahvolda qoldi. Xalqlar kun sayin qashshoqlashib, rahbariyat butunlay kuchini yo’qotgan davr edi”.

Amerika, deydi Jozef Nay (Nye), Mixail Gorbachev 1985 yilda Sovet Ittifoqi Kommunistik Partiyasining Bosh kotibi etib tayinlaganida o’zgarishlar davri yaqinlashayotganini sezgan.

“Gorbachev kommunist edi, lekin mafkura negizida muammo ko’p ekanini tushunar, buni tan olar edi. Gorvachev, nazarimizda, qayta qurish va oshkoralikni targ’ib qilib kommunizmni asrab qolmoqchi bo’ldi, ammo o’zi bilmagan holda uning allaqachon chirib bo’lgan ildiziga bolta urdi”,- deya tushuntiradi amerikalik arbob.

AQShda Ronald Reygan prezidentligi paytida, 1980-88 yillar orasida, Sovet Ittifoqiga nisbatan siyosat bobida muhim rol o’ynagan Richard Payps (Pipes) fikricha ham Mixail Gorbachev – dunyo siyosati va tarixida yirik burilish yasagan shaxs.

Richard Payps Gorbachevning o’ng qo’li bo’lgan Aleksandr Yakovlev bilan qilgan suhbatini eslaydi.

Uning aytishicha, Yakovlev unga Gorbachev hokimiyatga kelgach uch yil davomida kommunizmni qutqara olishiga ishongan. Uni mustahkamlab, xalq ishonchini oshirishga ko’zi yetgan.

Lekin 1988 yilga kelib, tuzum korrupsiya, yulg’ichlik, yolg’on va bo’shliqdan iborat ekanini tan olishga majbur bo’lgan.

“Uni qayta qurish mumkin emas”, - degan Yakovlev Amerika rasmiylari bilan SSSR qulaganidan keyin qilgan muloqotlarida.

1970-yillarda Vengriya demokratik muxolifatiga asos solgan Miklosh Xaraszti (Miklos Haraszti) hozirda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotida matbuot erkinligi masalalari bilan shug’ullanadi.

Uning eslashicha, Sharqiy Yevropada kommunizmga oppozitsiya kuchaygan sari Sovet Itttifoqi axborot oqimini nazorat qila olmay qoldi.

“Sharqiy Yevropadagi muxolif kuchlarning xizmati beqiyos… Chunki aynan ular axborot erkinligi naqadar kuchli qurol ekanini anglab yetgan va uning uchun kurashgan. Ularning xizmati bilan odamlar tashqi dunyo haqida bilgan, o’rgangan. Ungacha kommunistik dunyo vakuumda yashar edi”.

Venger arbob sovet dissidentlari olib borgan xatti-harakatlarni ham yuqori baholaydi.

“Bu nodir insonlar kommunistik tuzumni tuzatib bo’lmasligini, uning asosi buzuq ekanini bilgan. Ko’plab ziyolilar kommunizmga amaliy sabablarga ko’ra ergashgan. Uni savolga tutish xavfli ekani tushungan, zo’ravonlik va zulmga asoslangan mafkurani o’tkir qalam yoki vaqtning o’zi yo’q qiladi deya ishongan. Kommunizmni tanqid qilishga haddi siqqanlar esa panjara ortiga ketgan. O’zini qurbon qilgan, ular kamtarin qahramonlar”,- deydi Xaraszti.

Fuqarolik jamiyati degan tushuncha astalik bilan kommunistik mamlakatlar, yakkahokimlik barq urgan muhitga kirib kelar ekan, diktatorlar islohotlar haqida gapira boshladi. Lekin ular islohot nima ekanini bilmas edi. Miklosh Xaraszti izohicha haqiqiy islohotlar ularni hokimiyatdan tushirish degani edi.

1989 yilning iyulida Govrbachev Brejnev doktrinasini qoralab chiqadi. Sharqiy Yevropani Sovet Ittifoqining kommunistik qanoti ostiga olib kirgan tamoyil, deydi SSSR rahbari, tarixiy xato bo’lgan.

AQSh siyosatdonlari nazarida bu ulkan o’zgarishlarga yo’l ochgan.

Keksa arbob Richard Payps ta’biricha, Gorbachev Brejnev doktrinasini rad etib, Sharqiy Yevropaga “Agar siz o’zgarmoqchi bo’lsangiz, Sovet Ittifoqi monelik qilmaydi” degan. 1956 yilda Vengriyada, 1968 yilda Chexoslovakiyada kommunizmga qarshi qo’zg’olonlar SSSR harbiy aralashuvi bilan qonli bostirilgan edi. Gorbachev bunday siyosatdan voz kechib, Sharqiy Yevropaga “Siz erkinsiz” degan”.

Amerikaliklar Ronald Reyganni kommunizm qulashiga mislsiz hissa qo’shgan lider sifatida ko’radi.

Konservativ siyosat tarafdori va Reygan olg’a surgan mafkuralarni o’rgangan olima Xelle Deyl deydiki, sovuq urush g’olibi Qo’shma Shtatlardir. “Amerika rahbariyati temir parda ortiga axborot olib kirib, oshkoralik urug’ini sochib, erkinlikni propaganda qilib, kommunizm puch ekanini isbotladi”,- deydi Xelle Deyl.

Olima “Amerika Ovozi” va “Ozodlik” radiolarini qudratli qurollar deya tilga oladi.

Lekin boshqa bir amerikalik, iste’fodagi arbob Jozef Nay fikricha kommunizmni aslida kommunizmning o’zi yo’q qilgan.

“Sovet kommunizmi qulashi bu eroziya oqibati. Bu yerda g’olib va mag’lub yo’q. Ular haqida gapirsak, xuddi o’zgarish tashqaridan kelgandek bo’ladi. Mening nazarimda kommunizmga ergashgan, unga ishongan odamlarning o’zi oxir-oqibat unga yo’q dedi. Bu ichki to’lqinlar, g’alayonlar natijasi”.

Bahsu-munozaralar, talqin-u tahlillarning cheki yo’q. Kommunizm qayerdan boshlanib, qayerda tugagani haqida xulosa qilishga shoshmang, deydi “Amerika Ovozi” bilan muloqot qilgan ziyolilar. O’zgarishlar davom etmoqda, Sovet Ittifoqi bugun yo’q, ammo u qoldirgan o’ziga xos qarashlar va merosdan hali beri qutulish qiyin. Siyosiy ideologiyalar hech qachon yo’qolmaydi, deydi tahlilchilar.

XS
SM
MD
LG