Eron Rossiyadan qurol talab qilmoqda


Eron parlamenti rahbarlaridan biri Oloviddin Borujerdi Rossiyadan mamlakatiga va'da qilingan mudofaa tizimini imkon qadar tezroq yekazishni so'ramoqda. Masalaning siyosiy sabablarga ko'ra kechiktirilishi Rossiya-Eron munosabatlariga ta'sir qilishi mumkin, deydi u. Rossiya tashqi ishlar vazirining o'rinbosari bugun Tehronda.

Eron parlamentining milliy xavfsizlik qo'mitasi raisi Oloviddin Borujerdi Rossiyani raketaga qarshi mudofaa sistemasini yetkazishga doir ikki tomonlama bitimni bajarmayotganlikda ayblagan. Rossiya Eronni S-300 rusumidagi yer-havo raketalari bilan ta'minlashi kerak edi, biroq AQSh va G'arb davlatlari bosimi ostida qurollarni manzilga yetkazmagan.

Eron bilan yadro dasturi bo'yicha muzokaralarga kirgan davlatlar yaqinda Eron uranini xorijda boyitish taklifi bilan chiqqan.

Borujerdining aytishicha, Tehron bu boradagi shartnomaga o'zgartirishlar kiritmoqchi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri muovini Sergey Ryabkov mavzuni Tehrondagi rasmiylar bilan muhokama qilmoqda, chunki Eron urani Rossiyada boyitilishi nazarda tutilgan.

Rossiya prezidenti Dimitriy Medvedevning aytishicha, Eronga sanksiya qo'yish bilan shoshmaslik lozim. Avval barcha muqobil imkoniyatlarni ishga solib ko'rish zarur. Natija bermasa, iqtisodiy jazo qo'llash mumkin, degan Medvedev Germaniyaning "Shpigel" jurnaliga.

Biroq, deydi isroillik tahlilchi Meir Javedanfar, Eronga sanksiya qo'yilsa, bundan avvalambor Rossiyaning o'zi zarar ko'rishi mumkin.

"Eron G'arb tomonidan taklif etilgan rejani qabul qilgani yo'q hali. Kelishuvga qarama-qarshi holda uranni Rossiyaga yirik partiyada emas, kichik hajmda jo'natishni talab qilmoqda. Tomonlar kelisha olmasa, Rossiyaga qiyin bo'ladi. Eron bilan iqtisodiy aloqalar va G'arb bilan munosabatlardan birini tanlashga to'g'ri keladi," deydi mutaxassis.

Rossiya ayni damda Eronga Busherda energiya ishlab chiqaruvchi atom zavodini qurishga yordam bermoqda.

XS
SM
MD
LG