Isroil-Falastin muzokaralari: Fikrlar tarqoq, murosadan darak yo'q


Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Oq uyda prezident Barak Obama bilan muloqot qilgan. Yaqin Sharq tinchlik jarayoni, Eron yadro dasturi va xavfsizlik masalalari muhokama qilingani ma’lum, ammo uchrashuv tafsilotlari oshkor etilmayapti.

Benyamin Netanyaxu “Falastin bilan tinchlikka erishishni maqsad qilganman, bir yildan beri to’xtab qolgan muzokaralarni darhol qayta boshlash zarur”, deydi.

Shimoliy Amerika yahudiylar federatsiyasi anjumanida Isroil bosh vaziri falastinliklarni shart qo’yishni bas qilishga chaqirgan. “Biz o’z navbatida tinchlik yo’lida jiddiy yon bosishlarga tayyormiz”, - deydi u.

Falastinning talabi esa Iordan daryosining g’arbiy sohilida qurilishni bas qilish. Obama ma’muriyati ham Isroildan yaqingacha shuni talab qilib kelgan.

Netanyaxu hukumati g’arbiy sohilda yangi qurilish loyihalari boshlamaslikka va’da bermoqda, xolos. Bosh vazirning ta’kidlashicha, qurilishni butunlay to’xtatish muzokaraga shart bo’la olmaydi.

Falastin va arab rahbarlari Netanyaxudan biror yangi narsa eshitmadik, shartlar bajarilmas ekan muloqot haqida gap bo’lishi mumkin emas, demoqda. Ular nazarida Isroil ham, AQSh ham masalaga jiddiy yondashmayapti.

Bu orada, mintaqada zo’ravonliklarning yangi to’lqini avj olishi mumkin degan xavotir hukmron. Falastin prezidenti Mahmud Abbos jarayondan umidsizlanganini aytib, kelasi saylovlarda ishtirok etmoqchi emas.

XS
SM
MD
LG