O'zbekistonda huquq faollariga bosim kuchaygani kuzatilmoqda


Jizzaxda huquq himoyachilari va muxolifat vakillariga hujum uyushtrilgan. Jamoatchi faollardan biri Baxtiyor Hamroyev kaltaklangan, “Birdamlik” harakati a’zolari tazyiq ostida.

Kuni-kecha muxolifatchi Sanjar Umarovning ozod etilishini olqishlashgan faollar bugun mamlakatda siyosiy bosim yanada kuchayayotganini ta`kidlamoqda. Hatto mahalliy faollarning bir-biri bilan uchrashishi ham noqonuniy harakat sifatida ko’rilmoqda.

Jizzaxda huquq himoyachisi Baxtiyor Hamroyev yaqinda AQShdan vataniga qaytgan “Birdamlik” harakati rahbari Bahodir Choriyev bilan uchrashuv paytida noma`lum kishilar tomonidan kaltaklangan.

“Jizzaxga Dilorom Is’hoqova bilan Bahodir Choriyev kelishgan edi, shular bilan ushrashgani chiqqan edim. Kimdir kelib to`palon boshladi. Mashinani orqa o`rindig`ida o`tirgan edim, “sen buyoqqa yur deb kiyimimdan tortdi”. Kimsiz, deb so`rashimni bilaman, meni do`pposlay boshladi. Hujum qilgan odam, aniq bilaman, kuch ishlatar idoralar vakili, tepadan kelgan buyruqni bajarmoqchi. Maqsad Bahodir bilan uchrashtirmaslik bo`lgan”, - deydi Baxtiyor Hamroyev.

Bahodir Choriyevning aytishicha, u o`ziga qarshi ochilgan ish yuzasidan Toshkentga chaqirtirilgan, shu barobarida Sirdaryo va Jizzaxdagi huquq faollari bilan uchrashmoqchi bo`lgan.

“Sirdaryo, Jizzax, Samarqand tomon yo`lga chiqqandik. Sirdaryoda ham Karim Bozorboyev bilan uchrashdik, u kishini ham prokuraturaga chaqirib o`tirgan ekan. Jizzaxda esa Baxtiyor Hamroyev uchrashuvga keloldi, biz bilan ozgina ushlanib qolgan edi. Bir kishi kelib, so`kib-urib ketdi. Militsiya xodimlari u kishini bizdan ajaratib olib urishmoqchi bo`lishdi”, - deydi Bahodir Choriyev.

O`zbekistonda o`nlab siyosiy faollar qamoqda, biroq ozodlikdagi faollar ham doimiy tazyiqda, nazoratda ushlanadi.

Yaqinda mustaqil jurnalist Dilmurod Sayidning oilasi u bilan uchrashgani qamoqxonaga borayotib, yo`lda, avtohalokatda qurbon bo`lishdi. Faollarning aytishicha, jurnalist oilasining o’limida hukumat ma’nan javobgar.

“Bu fojeada hukumatni ishtiroki qanchalik bilmayman. Lekin sababchisi hukumat deb bilaman. Dilmurod Sayid qamalmaganda, uni oilasi ham shunday fojeali ravishda halok bo`lmagan bo`lardi. Bu vaziyat yuzasidan hukumat uyatini yashirish uchun Sanjar Umarovni ozod etdi degan variant ham bor. Men Dilmurod Sayidni o`zini ham ozodlikka chiqarish zarur deb hisoblayman”, - deydi “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati raisi Vasila Inoyatova.

Muxolifatdagi “Serquyosh O`zbekistonim” koalitsiyasi rahbari Sanjar Umarov 7 noyabr kuni qamoqdan ozod etilgan edi. Bu qadamni olqish bilan kutgan faollar bugun yana tazyiqlar kuchaygani, siyosiy vaziyat og`irlashib borayotgani haqida ogohlantirmoqda.

“Bugungi voqeani o`ziyoq avtoritar rejimda hech narsa o’zgarmaganini ko’rsatadi. O`zbekiston G`arbni ham, AQShni ham aldab kelayapti. Biz Umarovni muloqot natijasida ozodlikka chiqqanidan albatta xurdsandmiz”, -deydi Baxtiyor Hamroyev.

Muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov so’zlariga ko`ra, Sanjar Umarovning ozod qilinishi ichki siyosatdagi vaziyatga daxldor emas.

“Bir oila shuncha aziyat chekdi, qiynaldi, ular bir kulfatdan ozod bo`lishdi, bu albatta yaxshilik. Lekin siyosatda o`zgarish yo`q. Sanjar Umarov avvaldan AQSh bilan bog’liq edi. AQSh ko’p yillardan buyon uni ozod etishni talab qilib kelardi. Birinchi navbatda uni ozod qilish talabi sezilib turgandi. Endi hukumat shunga navbat yetdi deb topgan. Umarov hukumat uchun zararsizlantirib bo`lindi degan xulosaga kelgan. Rejimda esa hech qanday o`zgarish sezilmaydi”, - deydi Oripov.

Mahalliy faollar inson huquqlariga oid vaziyatni yaxshilanishida hukumat bilan muloqot qilayotgan G`arb davlatlari ko`magiga umid qilib kelishadi.

Yevropa Ittifoqi yaqinda O’zbekistonga nisbatan sanksiyalarni mutlaqo bekor qilib rasmiy Toshkentni to`laqonli hamkor sifatida e’tirof etdi.

XS
SM
MD
LG