Xitoy yashirin turmalarida yuzlab begunoh odamlar saqlanadi


Human Rights Watch, xalqaro huquq tashkiloti Xitoy hukumatini odam o’g’irlashda, ularni oylab asossiz qamoqda saqlashda ayblamoqda.

Tashkilot chiqargan hisobotda aytilishicha Xitoyning yashirin “qora turmalari”da rasmiylarni savolga tutgan, haqqini talab qilgan fuqarolar saqlanadi.

Xitoy hukumati bunaqa qamoqlarning o’zi yo’q deya har qanday ayblovni inkor etmoqda.

“Amerika Ovozi” sal oldin xitoylik faollardan biri bilan gaplashgan edi. Ismini oshkor etmagan bu odam “qora turma”lar haqiqat deydi.

U Pekinga bot-bot borib, hukumatga arz qilgan – uy-joyini tortib olmoqchi bo’lgan mahalliy mulozim ustidan shikoyat qilgan. Rasmiylar uning ketidan tushib, hibsga olib, ikki bor “qora turma”ga tashlagan.

“Bu qamoqlar rasman ro’yxatga olinmagan, ular odatda hukumatga qarashli mehmonxona, kasalxona, ruhiy xastaliklar bo’limlarida tashkil qilinadi”,- deydi bu fuqaro.

Inson huquqlari bo’yicha Human Rights Watch tashkiloti mana shu zindonlar haqida hisobot chiqargan. 2003 yildan beri yuzlab fuqarolar qamoqqa olinib, maxfiy “qora turma”larga tashlangan. Aksariyati chekka viloyatlar, qishloqlardan haqiqat izlab kelgan, poraxo’r ma’murlar dastidan hukumatga arz qilgan oddiy odamlar ekani aytiladi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Kin Geng bularning bari uydirma, deydi.

“Human Rights Watch tashkiloti nimani ko’zlamoqda, nimaga erishmoqchi o’zi”? - deb so’raydi rasmiy.

Tashkilot shu yil boshida Xitoyning bir necha shahrida izlanib, odamlar bilan savol-javob qilgan. Hisobot mana shu ko’rsatma, izhorlar majmuasidir. Nohaq ayblov bilan qamoqda bo’lib qaytgan bu odamlarning aytishicha, mahalliy rasmiylar poraxo’r, jinoiy guruhlar bilan bog’liq. “Haqiqat talab qilib qayoqqa bormang, og’zingizga urishadi, kaltaklab, mayib qilishadi”,- deydi ular.

XS
SM
MD
LG