Breaking News

O'zbekistonda uyg'urlar masalasi - qaltis mavzu


Yaqinda Urumchida davlatga qarshi jinoyatlarda aybdor deb topilgan to`qqiz uyg`ur qatl etildi.

Ular o’tgan yoz Shinjon-Uyg’ur muxtoriyatida ro’y bergan qonli to`qnashuvlar ortida turganlikda ayblanib sudlangan edi.

Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O`zbekistonda, uyg’urlar olib borayotgan ozodlik kurashiga befarqlik kuzatiladi.

Matbuotda bu borada biron xabar chiqarishga izn berilmagan bo’lsa, aholi, hatto uyg`ur madaniyat markazi faollari uchun ham bu borada munosabat bildirish o`ta qaltis hisoblanadi.

Xitoy axborot vositalariga ko`ra, qatl etilgan uyg`urlar odam o’ldirish, talon-taroj qilishda ayblangan. Uyg’urlarning qatl etilishi iyul oyida Shinjon uyg’ur avtonomiyasida ro’y bergan etnik to’qnashuvlar ortidan kuzatilmoqda.

Hukumat ma’lumotiga ko’ra, bu to’qnashuvlarda 150 dan oshiq odam halok bo’lgan. Xanlar va uyg`urlar to’qnashuvi hukumat kuchlari tomonidan keskin bostirilgan edi.

Xitoy hukumati to’qnashuvlar etnik kelishmovchilik bois yuzaga chiqqanini ta’kidlaydi. Rasmiy Pekin g`alayonlarni tashkil etishda Jahon uyg`urlar kongressini ayblab chiqdi.

Sharhlovchilar Urumchi g’alayonini mustamlaka ostida bo`lgan uyg`ur xalqining ozodlik uchun kurashi, uning bir qismi sifatida ko’radi.

“Sharqiy Turkiston ozodlik harakati bor, Turkiyada, Amerikada, mintaqada ham. Lekin biror davlat mas`uliyatni olib bu harakatni qo`llab-quvvatalamoqda deyolmayman. Albatta uyg`urlar, Sharqiy Turkiston muammosini birinchi navbatda shu xalqning o’zi hal etishi kerak. O`zbekistonda hukumat rasman bu harakatga qarshi. “Erk” partiyasi Urumchi voqealari bo`yicha bayonot berdi, chunki partiyani siyosiy qarashlari ichida turk birligi muhim o`rin tutadi. O`zbekistonliklar, o`zbeklar uchun ham muhim masalalardan, shuning uchun biz Sharqiy Turkiston ozodlik harakatini qo`llab-quvvatlaymiz”, - deydi muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov.

Jahon uyg’urlar kongressi ma`lumotiga ko`ra, Urumchidagi to`qnashuvlarda yuzlab uyg`ur bedarak yo`qolgan. Rasmiy Pekin uyg`urlar haq-huquqlarini toptashda, ular yurtini xitoylashtirishda davom etmoqda.

Turkiy xalqlarning bir qismi bo’lgan uyg’urlar voqeasi yuzasidan mintaqadagi rasmiy doiralar sukut saqlab kelishadi.

Qozog`iston, Qirg’izistondagi uyg`urlarlar Urumchi g`alayonlari yuzasidan o`z tashvishlarini bildirgan bo`lsa, O`zbekistonda uyg`urlar eng katta etnik guruhlardan bo`lishiga qaramasdan, Urumchi voqealari keskin taqiq qo`yilgan mavzu hisoblanadi.

“Erksevarlik borasida uyg`urlar o`z aka-ukalari bo`lmish o`zbeklardan ancha oldinda, qanchadan buyon Xitoydek bir davlatga qarshi kurashib keladi. Xitoy albatta ularni turli qilmishlarda ayblashi mumkin, lekin zamirida o`sha erksevarlik yotadi, bu tengsiz kurashda ularni yaratganning o`zi qo`llasin”, - deydi tilshunos olim Baxtiyor Isabek.

Yaqinda Xitoyga safar qilgan O’zbekiston Mudofaa vaziri Qobil Berdiyev rasmiy Pekin bilan harbiy hamkorlik masalasini kuchaytirishga kelishdi.

“Mintaqa davlatlari Xitoy bilan chegaradosh. Iqtisodiy masala bor, keyin Xitoy O`zbekistonga harbiy tomondan ham yordam ko`rsatib keladi. Hozir Uyg`uristonni qo`llab-quvvatlasa, munosabatlar keskin yomonlashadi, bundan esa Xitoy yutqazmaydi, faqat mintaqa davlatlari yutqazishi mumkin. Lekin Xitoy mintaqa davlatlariga katta e`tibor berayapti, o`z manfaatini amalga oshirayapti, mavqeini yo’qotmoqchi emas”, - deydi tarixchi olim Fayzulla Is’hoqov.

Ma`lumotlarga ko`ra, o`n yillar avval 90 foiz aholisi asosan uyg’urlardan iborat bo`lgan Sharqiy Turkiston – Shinjon uyg`ur avtonomiyasida bugun 50 foizga yaqin aholini xitoylar tashkil etadi.

Pekin xitoylashtirish siyosatini davom ettirar ekan, ayirmachilik, islom ekstremizmi tahdidi bo`rtirilishi ortidan yuzlab uyg`urlar o`z vatanida quvg`inga uchramoqda.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG