Tolibon NATO bazasini nishonga olgan


Bugun Kobulda NATO harbiy bazasi yonida mashina portlab, bir necha kishi jarohat olgan. Tolibon xuruj qilganini tan olmoqda.

Prezident Barak Obama shu kunlarda Afg’onistonga qo’shimcha askar jo’natish-jo’natmaslik qarorini e’lon qiladi.

AQShning Afg’onistondagi elchisi Karl Aykenberri “Askarlarimizni bekorga qurbon qilayapmiz, qarorni o’ylab qabul qilish kerak”, deya ogohlantirmoqda.

Elchi Aykenberri nazarida Hamid Karzay ma’muriyati va mamlakat bo’ylab avj olgan korrupsiya xavfsizlikni mustahkamlash yo’lidagi asosiy to’siqlardan biri.

Aykenberri 2006-2007 yillarda Afg’onistonda harbiy xizmatni o’tagan. Shu yil boshida armiyadagi faoliyatini tugatib, elchi lavozimiga kirishgan.

Uning aytishicha, afg’on rasmiylari poraxo’rlik, yulg’ichlikka mukkasidan ketgan, boshqaruv mohiyatini tushunmaydi. “Bu esa Tolibonga kuch bermoqda”, deydi Karl Aykenberri Obamaga yo’llagan maktubida.

Prezident Barak Obama tez kunda qarorini e’lon qilishi kerak. Yaqinda AQShning Afg’onistondagi qo’mondoni, general Stenli Makkristal qo’shimcha 40 ming askar jo’natishni so’ragan.

Tahlilchilar nazarida Obama harbiylarni olovli nuqtaga jo’natishdan oldin Pokiston bilan masalani oydinlashtirib olishi kerak.

Qo’shma Shtatlar asosiy dushman – Tolibon, uni Kobulga yo’latmaslik kerak deb keladi. Ammo Pokiston boshqacha fikrda. Mana shu farq Pokistonning xatti-harakati, toliblarga qarshi sust kurashni izohlaydi, deydi tahlilchilar.

Siyosatshunos Jorj Perkovich deydiki, Pokistonning fikru xayoli qo’shnisi, azaliy raqibi Hindistonda.

“AQSh armiyasi Afg’onistonni tark etsa, Hindiston Markaziy Osiyodagi bu davlatga sarmoya kiritib, yuzlab loyihalar boshlaydi, Pokiston-afg’on chegarasida konsullik idoralarini ochadi. Bu esa Pokistonga ma’qul emas”, deydi tahlilchi.

Amerikalik yana bir tahlilchi Jilles Dorronsoro so’zlariga ko’ra, Pokiston armiyasi qani nima bo’lar ekan deb chetdan kuzatishga tushgan. Ular vaqt yutmoqchi, AQSh oxir-oqibat Afg’onistondan ketishi aniq. Shunda Tolibon yana Kobulga qaytadi. Shuning uchun Pokiston armiyasi toliblar o’rnashib olgan shimolni emas, mayda jangari guruhlar hukmron janubni nishonga olmoqda.

Mutaxassislar nazarida Pokiston tinchligi Afg’oniston barqarorligi bilan uzviy bog’liq. Jangarilar kuchga to’laversa, Pokiston yadro arsenalini qo’lga kiritishi mumkin. Bu esa ham Pokiston, ham mintaqa, ham dunyo xavfsizligi uchun tahdiddir.

XS
SM
MD
LG