Breaking News

Obama Singapurda Osiyo rahbarlari bilan uchrashmoqda


Osiyo bo'ylab safar qilayotgan prezident Barak Obama bugun Singapurda. Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik forumida ishtirok etmoqda.

AQSh rahbari kecha Tokioda bo'lib, Osiyo davlatlari bilan aloqalarni kuchaytirishga chaqirgan.

"Tinch okeani Amerikani Osiyodan ajratmaydi, aksincha ikki qit'ani bir-biriga bog'laydi," deydi Barak Obama Yaponiyaga safari chog'ida.

Gavayi orolida tug'ilgan prezident Obamaning aytishicha, uning oilasi Tinch okeani hududiga aloqador.

"AQShning mintaqadan chiqqan ilk prezidenti sifatida ikki tomonlama munosabatlarni kuchaytirishga so'z beraman,"- deydi u.

Xususan Xitoy bilan.

"Ba'zilar Xitoyni AQShga raqib deb biladi. Ammo chambarchas bog'liq dunyoda raqobat qilish shart emas. Bir mamlakatning yutug'i boshqa davlat tomonidan ijobiy qarshilanishi, hamkorlikni kuchaytirish kerak. Chunki birgalikda ko'plab global muammolarni hal qilish mumkin," deydi Obama.

Biroq uning aytishicha, Qo'shma Shtatlar hamkorlik yo'lida fundamental qadriyatlardan kechmaydi.

"Inson huquqlarini targ'ib qilish AQSh siyosatining ajralmas qismi. Bu yo'ldagi muammolarni ham hamkorlik ruhida muhokama qilib, hal etish lozim," deydi u.

AQSh prezidenti Xitoyda ertaga bo'ladi. Barak Obama Shimoliy Koreya yadro dasturiga ham to'xtaldi.

Uning aytishicha, AQSh bu mamlakat do'q-po'pisalariga uchmaydi. Shimoliy Koreya xalqaro sahnadagi majburiyatlariga sodiq emas ekan, mintaqa barqarorligi xavf ostida bo'ladi.

Singapurdagi forumda 22 davlat rahbarlari ishtirok etmoqda. Asosiy mavzu - global moliyaviy tanazzul asoratlarini yengish va erkin savdoni jadallashtirish. Avstraliya Bosh vaziri Kevin Rud mintaqada Yevropa Ittifoqiga o'xshash tizim yaratishni taklif etmoqda.

XS
SM
MD
LG