Eronda internet ustidan nazorat yanada kuchayadi


Eron politsiyasi internet jinoyatlar bilan shug’ullanuvchi yangi bo’lim ochgan.

Hukumat buni internet orqali sodir etilayotgan jinoyatlar ko’payib borayotgani bilan izohlasa, muxolifat nazarida bu chora aynan hukumatdan norozi odamlarni topib jazolash uchun bahona. Internet Eron muxolifati uchun asosiy aloqa vositasi.

Eron politsiya boshlig’i Ismoil Ahmadi-Muqaddamning aytishicha, internetda chop etilgan siyosiy mavzudagi maqolalarni ko’zdan kechirish uchun 12 a’zoli komissiya tuzilgan. Ular “tuhmat, haqorat va yolg’onlarni fosh etish” bilan shug’ullanadi, deydi u.

Muxolifatni tashvishlantirayotgani shuki, Eron qonunchiligida o’g’rilik, qalloblik va soxtalashtirish kabi jinoyatlar qatorida siyosiy faollik ham egri talqin qilinib, “bo’hton va birovga ziyon yetkazish” bandi ostida jazolanishi mumkin.

Shu yoz prezident saylovlarida ishtirok etgan Mir Husayn Musaviy va Mehdi Karrubiy kabi muxolifat yetakchilarining veb sahifalari Eronda noqonuniy hisoblanadi. Ularga kirish man etilgan.

“Chegara Bilmas Muxbirlar” xalqaro tashkiloti vakili Rizo Muiniy fikricha, rasmiy Tehron muxolifat hali ham kuchini yo’qotmaganidan tashvishda. Internet islohotchi guruhlarning asosiy aloqa vositasi bo’lib qolar ekan, uning ustidan nazorat ham kuchaymoqda.

XS
SM
MD
LG