Faol dehqon G'anixon Mamatxonovga ozodlik talab qilinmoqda


"Human Rights Watch", inson huquqlari tashkiloti O'zbekiston hukumatini hibsdagi faol G'anixon Mamatxonovni ozod etishga chaqirmoqda.

G'anixon Mamatxonov, dehqon, jamoatchilikka farg'onalik huquq himoyachisi, fermerlar manfaati uchun kurashib kelayotgan fuqaro sifatida tanilgan. U "Amerika Ovozi" va "Ozodlik" to'lqinlarida va internet sahifalarida respublikadagi vaziyatni muntazam ravishda sharhlab kelgan.

G'anixon Mamatxonov shu yilning 9 oktabrida qamoqqa olingan va unga tovlamachilik va poraxo'rlik kabi ayblar qo'yilayotgani ma'lum.

Uning hibsga olinishidan sal o'tib Yevropa Ittifoqi O'zbekiston hukumatiga qo'yilgan sanksiyalarni butunlay olib tashlagan va bu qarorni, mamlakatda inson huquqlari ahvoli yaxshilanishiga umid bor deya izohlagan edi.

Safdoshlari va qarindoshlarining tushuntirishicha, G'anixon Mamatxonov qamoqqa olinishidan oldin do'pposlangan, keyin esa u ko'tarib ketayotgan sumkaga 330 dollar solib qo'yilgan.

"Human Rights Watch"ning region bo'yicha rahbari Xolli Kartnerning aytishicha, O'zbekistonda dehqonlar bosim ostida, chunki ular amaldagi siyosatdan og'ir jabr ko'rayotgan fuqarolardir. Bu halol insonlar shikoyat qilmoqda, davlatdan o'z haqini talab qilmoqda xolos, deydi Kartner.

Yevropa Ittifoqi va AQSh O'zbekiston rahbariyati bilan boshlangan muloqotdan ijobiy natijalar kutmoqda. G'arb Karimov ma'muriyati bilan aloqalarni mustahkamlashga bel bog'lagan, ammo unga qonun ustuvorligi va adolat ta'minlanishi muhim ekanini ham eslatib kelmoqda.

Xalqaro tashkilotlar O'zbekiston hukumatini va u bilan hamkorlik qilayotgan davlatlarni demokratik qadriyatlar, erkinlik va uzviy huquqlarga ko'z yummaslikka undab kelmoqda.

XS
SM
MD
LG